Navalniyning bevasi Rossiya prezidentligiga nomzodini qo‘ymoqchi
Olam
−
21 Oktabr
5719Rossiyadagi qamoqxonada vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya mamlakatga qaytgach, Rossiya prezidentligi uchun saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etishini aytdi. Bu haqda u BBC’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Mening maqsadim – mamlakatda o‘zgarishlar qilish, buning uchun imkon yaratish. Agar Rossiyaga qaytsam, prezidentlikka nomzod sifatida qatnashaman”, degan Navalnaya.
Shu bilan birga, u Vladimir Putin hokimiyatda qolsa, Rossiyaga qaytish imkoniyati yo‘qligini ta’kidlagan. Intervyu davomida Navalnaya hibsga olinishidan qo‘rqib, hatto erining dafn marosimiga ham o‘z shahriga kela olmaganini aytgan.
Shuningdek, u sehrgar emasligini va Rossiyada qanday qilib darhol o‘zgarishlarga erishish sirini bilmasligini ta’kidlagan.
“Agar siz katta ishni darhol qila olmasangiz, har kuni kichik bir ishni bajaring va buni qanchalik ko‘p odamlar qilsa, o‘zgarish vaqti shunchalik tez bo‘ladi”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya muxolifati og‘ir ahvolda: ko‘pchilik quvg‘un va tushkunlikda.
“Men bilmayman. Hayotimda sodir bo‘lgan barcha dahshatli voqealarga qaramay, bir kun kelib hamma narsa o‘zgarishiga ishonaman”, deydi Navalnaya.
Jurnalistning “O‘zingizni Aleksey singari siyosatchi sifatida tasavvur qila olasizmi?”, degan savoliga Navalnaya “ha” deb javob berdi.
“Ha. Meni qo‘llab-quvvatlayotganlar ko‘p va buning evaziga men ham ularni qo‘llab-quvvatlamoqchiman. Alekseyning ko‘plab tarafdorlari Rossiyani tark etishga majbur bo‘ldi, ammo millionlab odamlar qoldi. Ular katta bosim va repressiya sharoitida yashaydi, lekin ular bilan aloqani davom ettirish men uchun juda muhim”, degan u.
“The Times” gazetasiga bergan intervyusida esa Navalnaya marhum turmush o‘rtog‘i siyosatdan uzoqlashsa baxtli his qilishini ta’kidlagan edi. Endi esa o‘zi prezidentlik uchun harakat qilmoqchi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyida Moskvaning Basmanniy sudi Navalnayani ekstremistik tashkilotda ishtirok etganlikda ayblab, sirtdan hibsga olgandi. Unga nisbatan ikki oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Bu muddat Rossiya hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan yoki mamlakatda hibsga olingan paytdan boshlab hisoblanadi. Rossiyada u federal qidiruvga berilgan. Aleksey Navalniy va uning sheriklariga qarshi “ekstremistik jamoa” ishi 2021 yil sentyabr oyida ochilgan. Hibsga olingan birinchi shaxs Navalniyning Ufadagi shtab-kvartirasining sobiq rahbari Liliya Chanisheva bo‘ldi. U to‘qqiz yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilindi”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yuliya Navalnaya Inson huquqlari jamg‘armasi (Human Rights Foundation) raisi etib saylangandi. Tashkilotning oldingi raisi Garri Kasparovning vakolati tugatilgan. Navalnaya bu lavozimga kirishar ekan, diktaturaning uning oilasiga qilgan ta’siriga munosabat bildirgan. Jamg‘armaga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i, marhum rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘rqmasdan qo‘llab-quvvatlagani bilan tanilgan Yuliya Navalnaya Inson huquqlari jamg‘armasiga yangicha yo‘nalish olib kiradi. Bunda unga demokratik tamoyillar va inson huquqlariga bo‘lgan sodiqligi yordam beradi.
LiveBarchasi