Navalniy jazo izolyatoriga joylashtirildi

Olam

image

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy ikkinchi marta Vladimir viloyati Melexovo shahridagi 6-sonli qattiq tartibli koloniyadagi jazo izolyatoriga yuborildi. Bu haqda uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berilgan.

Unga ko‘ra, jazoga tortilishiga konvoy qoidalarini buzgani sabab bo‘lgan – Navalniy bir necha soniya davomida qo‘llarini orqasida ushlab turmagan. U 5 kun davomida jazo izolyatorida saqlanadi. 

“Men JIZOga qaytdim. Qamoqxonada yurgan vaqtda qo‘llarni orqaga qilib yurish kerak, odatda bu uch soniya davom etardi. Lekin men uch soniya oddiy yurdim, ya’ni qo‘llarimni orqaga qilmasdan va jinoyat sodir etdim”, deyiladi xabarda.

Aytish joizki, joriy yilning 22 mart kuni Moskvaning Lefortovo sudi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni firibgarlik va sudga hurmatsizlik qilgani uchun to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qildi va 1,2 million rubl (11,4 ming dollar) miqdorida jarimaga tortgandi. 

Ma’lumot uchun, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘tgan yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi.

Keyinroq “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sud qilingan muxolifatchi 3,5 yilga qamaldi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniyning o‘zi bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan.

2021 yilning 19 yanvar kuni Navalniy tomonidan tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putinning qasri” haqidagi filmni e’lon qildi. U 100 million martadan ortiq tomosha qilindi, ijtimoiy tarmoqlar esa shu mavzudagi memlarga to‘lib ketdi. Hukumat uning qasr emas, apart-mehmonxona ekanligini va unga Putin emas, balki uning do‘sti Arkadiy Rotenberg egalik qilishini ma’lum qildi.

Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uning jazoni koloniyada o‘tashi haqida qaror chiqargandi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi. Navalniy koloniyada yana 2,5 yil davomida sud belgilagan jazoni o‘taydi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya muxolifati yetakchisi, siyosatchi Aleksey Navalniy Yevropa Ittifoqining inson huquqlari sohasidagi bosh mukofoti “Fikr erkinligi uchun” Andrey Saxarov mukofotini olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

93

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing