Navalniy jamoasi Fransiya va Shveysariyani Putinning sobiq xotinining mulklarini xatlashga chaqirdi
Olam
−
18 avgust 2022
4256Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy jamoasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Ocheretnaya va uning hozirgi turmush o‘rtog‘i Artur Ocheretniyning mol-mulkini hibsga olish talabi bilan Fransiya va Shveysariya hukumatlariga murojaat qildi.
“Biz Ocheretniylarning xorijdagi mulki korrupsion pullar evaziga sotib olinganini isbotladik va Yevropa Ittifoqi bu aktivlarni tortib olishiga umid qilamiz”, deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KKF) bayonotida.
Muxolifatchilarga ko‘ra, tegishli takliflar allaqachon ikki davlat tashqi ishlar vazirliklariga yuborilgan.
“Ishonchimiz komilki, Putinga yaqin odamlarga nisbatan sanksiyalar siyosiy va biznes elitasini uning qo‘llab-quvvatlovidan voz kechishga majbur qiladi. Va bu uning rejimini yo‘q qilish va u Ukrainada boshlagan urushni to‘xtatish uchun eng muhim qadamdir”, deydi Navalniyning sheriklari Putinning sobiq rafiqasiga nisbatan oldingi tergovga ishora qilib.
Lyudmila Ocheretnaya (avval Putina) haqida KKF surishtiruvi
Avgust oyi boshida KKF Ocheretniylar haqida film chiqardi va ular Moskva markazidagi Vozdvijenka ko‘chasida shahar hokimiyati tomonidan berilgan tarixiy qasrga egalik qilishini da’vo qildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillarda Lyudmila Putina o‘zi uchun maxsus yaratilgan Rus tilini rivojlantirish markazini boshqargan. Moskva meriyasi va Prezident ishlari boshqarmasi markazga Kreml yonidagi eski binoga egalik huquqini bergan. Ikki qavat ta’mirlanib, qo‘shilgandan so‘ng, u “Shaxslararo aloqalarni rivojlantirish markazi” deb o‘zgartirildi va endi uni Lyudmilaning yangi eri boshqaradi. U 2015 yilda ikkinchi turmush o‘rtog‘ining familiyasini olgan.
Surishtiruv mualliflariga ko‘ra, Artur Ocheretniy xotiniga tegishli bo‘lgan 10 milliard rubllik binoni “Meridian”ga ijaraga beradi, u esa uni “Sberbank”, VTB va boshqa tijorat loyihalariga ijaraga berib, yiliga 250 million rubldan ortiq daromad oladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, “Shaxslararo aloqalarni rivojlantirish markazi” Moskva meriyasi, “Gazprombank” va “Severstal”dan ham mablag‘ oladi, bu esa yiliga yana 415 million rubl daromad keltiradi, bu pullarni Artur Ocheretniy kompaniyasi “Meridian”ga qarzga beradi. Bu pulga u Fransiya, Shveysariya va Ispaniya janubida kvartira va uylar sotib oladi. Xususan, er-xotin Biarritsdagi villaga, Davosdagi kvartiraga va Malagadagi ikkita kvartiraga egalik qiladi va xorijdagi ko‘chmas mulkning umumiy qiymati deyarli 600 million rublga baholanadi. Shu bilan birga, Ocheretne Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Bir necha yil oldin “Reuters” ham Lyudmila Putinaning Moskvadagi ijarasi biznesidan tushgan daromadi haqida surishtiruv e’lon qilgan.
LiveBarchasi