NATOning kengayishi Yevropa xavfsizligiga tahdid – Belarus TIV
Olam
−
30 mart 2023
4531Belarus Tashqi ishlar vazirligi NATOning kengayishi Yevropa xavfsizligiga tahdid solishini ma’lum qildi. Bu haqda “Belta” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqining xavfsizlik va tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrelning Rossiyaning Belarus hududiga taktik yadroviy qurollarni joylashtirish haqidagi qaroriga nisbatan bergan bayonotiga javoban Belarus tashqi ishlar vazirligi NATOning yangi kuchlarini joylashtirishi va kengayishini “Yevropa xavfsizligiga tahdid”, deb atagan.
“NATOning yangi kuchlarini Belarus chegaralariga joylashtirishi va ittifoqning Shimoliy Yevropada yanada kengayishi mas’uliyatsiz eskalatsiya va Yevropa xavfsizligiga tahdid soluvchi asosiy omillardir”, deyiladi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Avvalroq, vazirlik so‘nggi ikki yarim yil ichida Belarus AQSH, Buyuk Britaniya va uning NATOdagi ittifoqchilari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan misli ko‘rilmagan siyosiy, iqtisodiy va axborot bosimiga duchor bo‘lganligini ta’kidlagandi.
“Ushbu holatlar va ulardan kelib chiqadigan milliy xavfsizlik sohasidagi qonuniy tashvishlar va xavflarni hisobga olgan holda, Belarus o‘z xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash uchun majburiy javob choralarini ko‘rmoqda. Belarus va Rossiyaning harbiy hamkorligi xalqaro huquqqa muvofiq amalga oshiriladi. Maxsus o‘q-dorilar bilan qurollangan samolyotlarni boshqarishga qodir bo‘lgan Belarus uchuvchilarini tayyorlash, bunday samolyotlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, Belarus hududida yadroviy qurollarni joylashtirish, tegishli texnologiyalardan foydalanish hech qanday tarzda Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning 1- va 2-moddalariga zid emas”, deyiladi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyev Moskvaning xavfli qarori ortidan BMT Xavfsizlik kengashini chaqirishni talab qilgandi. Rossiya Harbiy-sanoat komissiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev esa dunyoda yadroviy to‘qnashuv tobora yaqinlashib borayotganini ta’kidlagan.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi