NATO va YeI Rossiya va Xitoyga qarshi birlashib kurashmoqchi. Yangi hujjat qabul qilindi
Olam
−
10 yanvar 2023
6620Yevropa Ittifoqi va NATO ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi yangi deklaratsiyani imzoladi. Bugun, 10 yanvar kuni Bryusseldagi NATO shtab-kvartirasida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Deklaratsiyani NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Yevropa komissiyasi va Yevropa kengashi prezidentlari Ursula fon der Lyayen va Sharl Mishel imzoladi.
“Agence France-Presse” hujjatga tayanib, Yevropa Ittifoqi va NATO Ukrainadagi mojaro fonida mudofaa sohasida hamkorlikni faollashtirish niyatida ekani haqida xabar berdi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatda ikkala tomon ham hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqish va umumiy maqsadlarga erishish uchun siyosiy, iqtisodiy yoki harbiy bo‘lsin, barcha mavjud umumiy vositalarni safarbar etish majburiyatini olgani qayd etilgan.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning ma’lum qilishicha, yangi deklaratsiya dunyoda geosiyosiy raqobat kuchaygan sharoitda tomonlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan.
“Biz yaqinda alyans va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish uchun uchinchi qo‘shma deklaratsiyani imzoladik, bu [qadam] har qachongidan ham muhimroq”, deydi u.
Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, bu chora xalqaro maydondagi avtoritar kuchlar tomonidan siyosiy, iqtisodiy, texnologik va harbiy vositalardan foydalanib, manfaatlar, qadriyatlar va demokratik tamoyillarga qarshi kurash olib borayotgan o‘n yilliklardagi eng jiddiy tahdidlar bilan bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, u Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyasi”, shuningdek, Xitoy faolligi kuchayib borayotganini tilga oldi.
Deklaratsiya matniga ko‘ra, NATO Yevro-Atlantika mintaqasida jamoaviy xavfsizlikning asosi bo‘lib qolmoqda, biroq alyans, shuningdek, NATO bilan mos keladigan va tashkilot imkoniyatlarini to‘ldiradigan faolroq Yevropa mudofaasi qiymatini tan oladi. Stoltenberg, shuningdek, hujjatda geostrategik raqobat kuchaygan sharoitda Yevropa Ittifoqi va NATO manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mintaqadagi muhim infratuzilmani himoya qilish va chet el aralashuvining oldini olish bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish nazarda tutilganiga e’tibor qaratdi.
Bundan tashqari, NATO va YeI koinotda, yangi va ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqishda, shuningdek, iqlim o‘zgarishi xavfsizlik sektori uchun yaratayotgan salbiy oqibatlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlash niyatida.
LiveBarchasi