NATO va Rossiya urushi 2029 yilda boshlanishi mumkin – Pistorius
Olam
−
17 noyabr 2025 3483 2 daqiqa
Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiya NATO bilan urushni 2029 yilda boshlashi mumkinligini, ayrim tahlilchilarga ko‘ra esa bu yanada erta sodir bo‘lishi ehtimoli borligini aytdi. Bu haqda “Frankfurter Allgemeine Zeitung” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, bu masala hozircha taxminlarga asoslanadi. Harbiy mutaxassislar va maxsus xizmatlar Rossiya qachon o‘z qurolli kuchlarini qayta tiklab, NATOning sharqiy qanotidagi biror davlatga zarba bera oladigan darajaga yetishi mumkinligini faqat taxminan baholay oladi.
“Biz har doim bu 2029 yildan boshlab yuz berishi mumkin deb aytib kelganmiz. Endi esa bu 2028 yilda ham ro‘y berishi mumkinligini aytayotganlar bor. Ba’zi harbiy tarixchilar hatto biz so‘nggi tinch yozni o‘tkazdik, deb hisoblamoqda”, deydi Pistorius.
Pistoriusning fikricha, NATO o‘zini himoya qila olmaydigandek taassurot qoldirmasligi kerak, chunki bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. U alyansning “odatdagi va yadro” to‘sqinlik salohiyati yetarli ekanini, Germaniyaning esa jangovar qo‘shinlari borligini, biroq ularni “yana-da yaxshi jihozlash” zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Yevropa davlatlari Rossiyaning NATOga hujum ehtimolini so‘nggi yillarda Ukraina bo‘yicha boshlangan harbiy agressiya fonida ko‘rib chiqmoqda. Daniya Tashqi va harbiy razvedka xizmati 2025 yil fevralida Rossiya hozirgi urush tugashi yoki muzlatilishidan taxminan besh yil o‘tgach NATO davlatlariga bevosita harbiy tahdid tug‘dirishi mumkinligini bildirgan. NATO Bosh kotibi Mark Ryutte esa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari mudofaa xarajatlarini oshirishi kerakligini, aks holda “yevropaliklar rus tili kursiga borish yoki Yangi Zelandiyaga ko‘chib ketishlariga to‘g‘ri kelishi” mumkinligini aytgan. Vladimir Putin esa chiqishlarida bir necha bor Rossiya NATOga hujum qilishni rejalashtirmayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova Rossiya NATO hujumi sodir bo‘lgan taqdirda barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga majbur bo‘lishini, biroq alyansning o‘ziga hujum qilishni rejalashtirmayotganini aytgan edi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar