NATO Ukrainani ta’minlash uchun 3 ta yirik harbiy baza yaratmoqchi – Orban
Olam
−
14 iyun
5968NATO o‘z mamlakatlari hududida uchta yirik harbiy baza yaratishni va ulardan Ukrainaga qurol yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban “Kosut” radiostansiyasining ertalabki dasturida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Orban, agar bu bazalar Ukraina bilan chegaradosh mamlakatlarda, xususan Polsha, Ruminiya va Slovakiyada tashkil etilsa, ular harbiy nishonga aylanishidan xavotirda ekanligini bildirdi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, yaqin atrofda joylashgan Vengriya ham o‘z xavfsizligi haqida qayg‘uradi va bu harakatlarda ishtirok etmaydi.
"Mintaqa davlatlari – Polsha va Ruminiya Ukraina mojarosiga qanday munosabatda bo‘ladi? Ular oldingi chiziqqa eng yaqin bo‘lganlari uchun ukrainaliklarga eng ko‘p yordam bera oladilar deb o‘ylashadi. Slovaklar esa bu borada ehtiyotkor”, deydi Bosh vazir.
Hukumat rahbari Vengriya NATOning Ukrainadagi missiyasida ishtirok etishni istamasligini bir necha marta tasdiqladi. Bu missiya Ukraina armiyasi uchun qurol-yarog‘ yetkazib berishni muvofiqlashtirish va harbiy kadrlar tayyorlashdan iborat. U 12 iyun kuni Budapeshtga tashrif buyurgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergdan Vengriya o‘z hududidan tashqaridagi alyans operatsiyalarida ishtirok etmasligi haqida kafolat olganini eslatdi.
"Biz NATOga a’zo 31 davlat tomonidan tinchlik pozitsiyasidan urush pozitsiyasiga o‘tishimiz uchun katta bosim ostida ekanimiz aniq. Muammo shundaki, NATOning 32 davlatidan 31 tasi ruslarni mag‘lub etishni xohlaydi va urishayotgan tomonlar – Ukraina va Rossiya bu mojaroni jang maydonida hal qilish mumkinligiga ishonib, bir-biriga taslim bo‘lishni xohlamaydilar”, deydi Viktor Orban.
Siyosatchi bu urushning ma’nosi yo‘q ekanligi va jang maydonida hech qanday yechim mavjud emasligiga ishonishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Viktor Orban Vengriya NATOning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga veto qo‘ymaslikka rozi bo‘lganini aytgandi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr