NATO Rossiya bilan urushga taraddud doirasida xarita tuzishni boshladi
Olam
−
11 aprel
4126Rossiyadan tomondan tahdid ortib borayotgani sababli NATO davlatlari bu xavfga yer ustida qarshi turish uchun tayyorgarlik ko‘rishga kirishdi. Buning uchun aniq, zamonaviy, jumladan 3D formatdagi xaritalar zarur. Shu sababli Fransiya harbiylari maxsus xaritalar tuzmoqda. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban Fransiya armiyasi Karpat tog‘larining g‘arbiy tomonida joylashgan Ruminiyaning Chinku shahriga ming nafar askar joylashtirgan. Tog‘larning sharqiy tomonida Moldova, janubida esa Dunay daryosi joylashgan bo‘lib, bu yer orqali Ukrainaga yo‘l ochiladi. Ruminiya va NATO shtablari bu hududni Rossiya armiyasi bostirib kirishi mumkin bo‘lgan yo‘nalish deb hisoblamoqda.
Shu sababli Fransiya muhandislik brigadasining kartografik polki Ruminiya kartografiya agentligi bilan hamkorlikda hudud xaritalarini yangilash ishlarini olib bormoqda.
“Ittifoqchilarga kelajakdagi ehtimoliy jang maydonlari haqida eng so‘nggi ma’lumotlar kerak. Biz qurol tizimlari joylashtiriladigan joylarni, muhim nishonlarni aniqlab olishimiz, harbiy harakatchanlik masalalarini ishlab chiqishimiz, yo‘nalishlar va cheklovlarni hujjatlashtirishimiz zarur”, deydi nashrga izoh bergan fransiyalik polkovnik.
Nashrning yozishicha, xaritalarga, shuningdek, artilleriyachilar uchun zarurat tug‘ilganda mo‘ljal bo‘la oladigan “baland nuqtalar” – suv minoralari, cherkov qo‘ng‘iroqlari va shunga o‘xshash ob’ektlar kiritilmoqda. Armiyaning texnik vositalari harakatlana oladigan yo‘nalishlar xaritasi tuzilgan. Bu ish uchun “Google car”ga o‘xshash, lekin kuchliroq texnikalar – kameralar va 3D lazer skanerlovchi radarlarga ega maxsus mashinalar qo‘llanilgan. Bu xaritada yo‘nalishlar bilan birga harbiylar uchun ahamiyatli bo‘lgan, ammo oddiy fuqaro xaritalarida yo‘q muhandislik inshootlari haqida ham ma’lumot bor. Bunday texnika kira olmaydigan hududlarda esa dronlar ishlatiladi.
“NATOning sharqiy qanotidagi davlatlar Rossiyaning kelgusida tajovuzkor harakatlar sodir etish ehtimoli ortayotganini inobatga olib, mudofaasini faol mustahkamlashga kirishgan. Ularning razvedka va harbiy doiralari fikriga ko‘ra, agar Ukrainada tinchlik bitimi tuzilsa va Rossiya qurollanish hamda armiyasini qayta tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lsa, tahdid yanada kuchayadi”, deyiladi xabarda.
Shu sababli Polsha, Litva, Latviya, Estoniya va Finlyandiya piyoda yuruvchi askarlarga qarshi mo‘ljallangan minalarni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu ularning chegaralarni minalashiga yo‘l ochadi. 2024 yil dekabr oyida Yevrokomissiya Rossiya va Belarus bilan chegaradosh oltita davlatga o‘z chegaralarini himoya qilish uchun 170 million yevro ajratilganini e’lon qilgan. Joriy yil mart oyida esa Yevropa Ittifoqi mintaqa qurolli kuchlarini qayta qurollantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha 800 milliard yevro miqdoridagi umumiy byudjetga ega rejani tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva, Latviya va Estoniya Mudofaa vazirliklari Rossiya va Belarus bilan chegarani minalash masalasini ko‘targandi. Ushbu uch respublika Mudofaa vazirlari chegarani bir necha qatlamli istehkomlar bilan mustahkamlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Gap piyodalarga qarshi va tankka qarshi minalar haqida bormoqda.
LiveBarchasi