NATO davlatlari Ukrainaga 70 mlrd dollar ajratadi
Olam
−
13:24 1288 2 daqiqa
NATO davlatlari 2026 yil yakuniga qadar Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berish va harbiylarni tayyorlash uchun 70 milliard dollar ajratishga va’da berdi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.
Anqaradagi sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyaga ko‘ra, 2027 yilda ham harbiy yordam hajmi kamaytirilmaydi.
Qayd etilishicha, deklaratsiya olti banddan iborat. Unga ko‘ra:
- NATO davlatlari alyans nizomining 5-moddasiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan. Unga ko‘ra, alyansning bir davlatiga qilingan hujum barcha a’zo davlatlarga qilingan hujum hisoblanadi.
- NATOning Yevropadagi a’zolari va Kanada 2025 yilda mudofaa xarajatlarini 139 milliard dollardan ortiqqa oshirgan. Shuningdek, 50 milliard dollardan ziyod yangi harbiy xaridlar amalga oshiriladi va qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlari kengaytiriladi.
- NATO davlatlari mudofaa tizimida sun’iy intellekt modellarini joriy etadi. Deklaratsiyada alyans mudofaasi yadroviy, an’anaviy, raketalarga qarshi, kosmik va kiber imkoniyatlarga tayanishi qayd etilgan.
- NATO Ukrainaga ko‘rsatiladigan harbiy yordam adolatli, oldindan rejalashtiriladigan va uzoq muddat davom etadigan bo‘lishi kerakligini bildirgan. Hujjatga ko‘ra, bu yordamning asosiy qismini NATOning Yevropadagi a’zolari va Kanada ta’minlaydi.
- Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak. NATO mamlakatlari Eronni “Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakati erkinligini to‘liq hurmat qilishga” chaqirgan.
- NATO davlatlari Turkiyaga sammitga mezbonlik qilgani uchun minnatdorlik bildirgan va navbatdagi uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimi uchun tutib qoluvchi raketalarni ishlab chiqarish litsenziyasini berishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi