NATO Bosh kotibi o‘rinbosari Rossiya uchun xavotirli bayonot berdi

Olam

image

Shvetsiya va Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, alyans mazkur davlatlarga ham yadro qurolini joylashtirishi mumkin. NATO Rossiyaga strategik qurollarni joylashtirmaslik bo‘yicha kafolat bermaydi. Bu haqda tashkilot Bosh kotibi yordamchisi Kamil Gran Shveysariyaning RTS telekompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Har bir davlat yadroviy sohada qurolni qabul qilish yoki qabul qilmaslik erkinligiga ega. Biz cheklovlar kiritish haqida gapirmayapmiz”, deydi u teledastur boshlovchisining Rossiyaga kafolatlar berilishi yoki berilmasligi haqidagi savoliga javob berar ekan.

Granning so‘zlariga ko‘ra, NATO kelajakda Finlyandiya va Shvetsiyada o‘zining yadro qurolini joylashtirish mumkin. Yadro quroli masalasini alyansga a’zo har bir davlat suveren tarzda hal qiladi.

Jurnalist Kamil Granga “NATO Rossiyadan Finlyandiya va Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishiga javoban harbiy reaksiya kutadimi?”, degan savol bilan yuzlangan.

“Rossiyaning o‘zi bu zarur emasligini aytgan va shunday ekan, men buni o‘ylamayman”, deya javob qaytargan Gran.

Bosh kotib yordamchisi Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasidagi Xelsinki hamda Stokgolmning ittifoqqa qo‘shilish istagi borasidagi kelishmovchiliklar Madridda 28-30 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida hal qilinishiga umid bildirgan. 

“Turkiyaning talablarini inobatga olish va muzokara stoliga o‘tirish muhim. Finlyandiyaga kelsak, turklarning talablari birinchi navbatda siyosiydir”, deydi u.

Kiyevning NATO bilan aloqalari mavzusiga to‘xtalar ekan, Gran Ukrainaning alyansga kirishi masalasi hozirda “kun tartibida emas”ligini ta’kidlagan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.

29 mayga kelib Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiya delegatsiyalari bilan ushbu mamlakatlarning NATOga a’zo bo‘lish masalasi bo‘yicha muzokaralar natijalaridan norozi ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya yadro quroli Finlyandiya

Baholaganlar

318

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing