Nashid eshitgani uchun qamalgan Sardorbek Rahmonqulov ozod etildi

3-sahifa

image

Avvalroq Toshkentda 22 yoshli talaba yigit telefonida nashid eshitgani uchun Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Unga tayinlangan jazo shartliga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bugun, 2 mart kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida sudlanuvchi Sardorbek Rahmonqulovning himoyachisi tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati asosida ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan.

Sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2 martdagi ajrimiga muvofiq birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilib, Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilgan holda shartliga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilangan hamda u sud zalida qamoqdan ozod qilingan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida Rahmonqulovning 7 oy 9 kun qamoqda saqlangani inobatga olinib, asosiy jazodan chegirib tashlangan.

“Sud jinoyat ishini atroflicha o‘rganar ekan, Sardorbek  Raxmonqulovning o‘z qilmishiga iqror va pushaymonligi, unga nisbatan yengillik berish haqidagi kafolat xatlarini inobatga olgan holda hamda insonparvarlik va odillik tamoyillariga asoslanib qaror chiqardi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Sardorbek Rahmonqulov 2001 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi. U jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish ayblovi bilan ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing