Narpay tumaniga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
01 noyabr 2025 5022 1 daqiqa
Bugun, 1 noyabr kuni Xalq deputatlari Narpay tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tumanga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi xabar berdi.
Sessiyada Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi va Narpay tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalarga to‘xtaldi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Viloyat rahbari shu paytgacha Narpay tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan Anvar Begimovich Boliyevni Narpay tumani hokimligiga tavsiya etdi. Deputatlar esa uning nomzodini bir ovozdan ma’qullagan.
Narpay tumaniga shu paytgacha Sherbek Bo‘ronov hokimlik qilib kelayotgan edi. U 2024 yilning iyun oyida ishga kirishgan edi. Viloyat hokimligi tomonidan berilgan xabarda uning ishdan olinish sababi keltirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Karmana tumaniga hamda Andijon viloyatining Xonobod shahriga yangi hokimlar tayinlangandi. Shuningdek, Ohangaron shahri hokimi ishdan olinib, uning o‘rniga yangi rahbar tayinlangandi.
Live
Barchasi