Narxlar oshdi, va’dalar ko‘paydi. 2025 yilda issiqlik tizimida nimalar o‘zgaradi?
Intervyu
−
13 dekabr 2024
5466Joriy yilning 15 noyabridan Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari uchun tariflar 15 foizga oshgan edi. Kelasi 2025 yildan boshlab esa narxlar nafaqat Toshkent shahri, balki boshqa viloyatlarda ham yana 15 foizga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qo‘yilgan topshiriqlarga binoan issiqlik ta’minoti tizimida tarif siyosatini qayta ko‘rib chiqish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilangan. Shu munosabat bilan issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish, subsidiyalar miqdorini qisqartirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. 2024 yilda tariflarni qayta ko‘rib chiqish natijasida viloyatlarda bir marta, Toshkent shahrida esa ikki marta narxlar oshirildi. 2025 yilda gaz va elektr energiyasining narxi qayta ko‘rib chiqilishi bilan birga, issiqlik ta’minoti uchun ham yangi tariflar joriy etilishi kutilmoqda”, dedi Issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom To‘rayev QALAMPIR.UZ ga bergan intervyusida.
Xabaringiz bor, 2024 yil 2 apreldan aholiga issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari uchun chakana tarif 15 foizga oshirilgan bo‘lib, 2019 yildan beri amalda bo‘lgan gigakaloriyasi 91 960 so‘mdan 105 754 so‘mga yetkazilgan. 15 noyabridan esa tariflar yana 15 foizga oshirilib, aholi uchun chakana tarifi gigakaloriyasi 121 617 so‘m qilib belgilandi.
Kelasi 2025 yilda to‘lovlarni yana oshirishning sababi sifatida bugungi kunda energiya resurslari qimmatligi va issiqlik ta’minotini ishlab chiqarayotgan mahsulot tannarxi pastligi ko‘rsatildi. Shuning uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqib, bozor narxiga yaqinlashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Ilhom To‘rayevning ma’lum qilishicha, narxlarni oshirish evaziga aholiga issiqlik ta’minoti sifati yaxshilanishi taklif qilinadi.
Narxlar yana oshirilishi va hozirda issiqlik ta’minotining sifati qandayligi bo‘yicha QALAMPIR.UZ aholi fikriga qiziqdi.
Odamlarning aytishicha, hozirgi sharoitda issiqlik va issiq suv ta’minoti narxlari shundoq ham qimmat bo‘lib, sifati ham yetarlicha talabga javob bermaydi.
“O‘zi shundoq ham to‘lashga imkoniyatimiz bo‘lmaydi, bir tomonda ro‘zg‘or. To‘lovlarni hammasi qimmat bo‘lib ketdi, shunga yarasha sifati yaxshi bo‘lsa ham mayli edi”, dedi pensioner ayol.
“Bunaqa masalalarni aholi bilan maslahatlashib hal qilish kerak. Xalq nimadan rozi, nimadan norozi – xalqning ichiga kirib bilish kerak”, dedi o‘rta yoshli ayol.
“Aholining fikrini o‘rganib chiqib qaror qilgan yaxshi, chunki hozirda shundoq ham narxlar qimmat va ba’zi bir xonadonlarda elektr tarmog‘i cheklab qo‘yilgani, gaz narxining oshishiga qo‘shimcha qilib, issiqlik ta’minotining ham yana oshishi xalqni qiynab qo‘yadi”, dedi o‘rta yoshli erkak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun byudjetdan 732,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘ning eng katta qismi – 623,8 milliard so‘mi isitish tizimi uchun ajratilgan. Bu mablag‘ hisobiga 736 ta qozon va 585 kilometr issiqlik tarmoqlari joriy va mukammal ta’mirlangan bo‘lib, shundan 634 ta qozon va 490 kilometr issiqlik tarmoqlari Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
LiveBarchasi