Nargiz Zokirova rus matbuotida “g‘irt qochqin” deb ataldi
Madaniyat-san’at
−
23 iyul 2022
20505“Golos” loyihasi orqali Rossiyada mashhur bo‘lgan taniqli xonanda Nargiz Zokirova rus ommaviy axborot vositalari nishoni ostida qolmoqda. U “Nation news” nashrida chop etilgan maqolada “g‘irt qochqin” deb ataldi va bugungacha Rossiya zaminida topgan tuziga tupurgani aytildi.
Maqolada qayd etilishicha, Rossiyaning Ukraina ustidan yuritayotgan“maxsus harbiy operatsiya”sini tanqid qilayotgan shou-biznes vakillari o‘z chiqishlari bilan jamoatchilikni bezovta qilishda davom etmoqda.
Shuningdek, ular ayni vaqtda nafaqat avvalgi e’tibor va mashhurlik, balki Rossiya zaminida topilgan mo‘may gonorarlardan ham mosuvo ekani iddao qilinadi. Bunday xonandalar orasida esa Nargiz Zokirova ham bor.
Maqolada yozilishicha AQSH fuqarosi bo‘lgan Nargiz Zokirova 2013 yil AQSHning “X-Factor” musiqiy tanlovidagi omadsizlikdan so‘ng, Rossiyada sahnaga chiqib, tezda prodyuserlar nazariga tushgan va o‘z chiqishlari uchun ko‘p millionlik gonorarlar olishni boshlagan. Jumladan bastakor va prodyuser Maksim Fadeyev bilan 2014 yildan 2019 yilgacha hamkorlik qilgan Nargiz Zokirova har bir konserti uchun 1,5-2 million rubl, ijodiy sermahsullikka erishgan vaqtida esa 10 million rublgacha daromad ko‘rgan. Muallifning fikricha, bunday daromadni Vladimir yoki Tula viloyatida istiqomat qiluvchi rossiyaliklar, hatto, yil davomida topishni orzu qilishadi. Nargiz Zokirova esa bunday daromad ortidan qisqa fursatda Moskvadan xonadon sotib olgan.
Ammo rossiyalik muxlislarining pullarida “suzgan” xonanda hech qachon farzandlarini AQSHdan Rossiyaga ko‘chirib kelmagani, buning sababi, u Rossiyada o‘zini xavfsiz his etmasligi va uning to‘ng‘ich qizi Rossiyani “mafiya mamlakati” deb hisoblashi aytilgan.
Nargiz Zokirova Rossiyaning 24 fevral kuni Ukrainaga qarshi boshlagan harbiy harakatlarini tanqid qilgani ortidan Moskvaning Domodedovo aeroportida hibsga olingani va 2072 yilgacha mamlakatga kirishi taqiqlangani alohida urg‘ulanadi.
“Rossiyani tark etgach, u o‘zini boqqan jamiyatga “minnatdorlik” sifatida: “Do‘stlarim, men nihoyat barcha ijtimoiy tarmoqlar erkin ishlayotgan, insoniyat ravnaqi va farovonligi rivoji uchun hamma sharoit mavjud bo‘lgan, sivilizatsiyalashgan dunyodaman”, deya yozib, uning Rossiyaga qarshi pozitsiyasidan norozi fikr bildirganlarni bloklamoqda”, deyiladi maqolada.
Maqola muallifi siyosatshunos va tarixchi Anton Bredixin rus soliq tizimiga o‘z taklifini ham ilgari surgan:
“Shu kabi shaxslar uchun ham Rossiyada soliq tizimini isloh qilish, ularga sobiq ittifoqda bo‘lgani kabi belgilangan gonorar berib, undan ortgan mablag‘ni byudjetga tushirish kerak”.
Muallif Nargiz Zokirovaga qo‘yilgan taqiq uning yoshi 100 dan oshganda tugashi, va hatto u uzoq umr ko‘rgan taqdirda ham Rossiyada konsert-tomosha faoliyatini davom ettirolmasligi kishini xursand qilishini aytadi.
Eslatib o‘tamiz, 1995 yilda Nargiz Zokirova ota-onasi bilan birgalikda AQSHga ko‘chib o‘tgan. 2013 yilda u Rossiyaning “Ovoz” (“Golos”) televizion loyihasida ikkinchi o‘rinni egallaydi, shundan beri u Rossiya Federatsiyasida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan edi.
Xonandaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylagan so‘nggi suratlaridan u hozirda AQSHda ekanligini ko‘rish mumkin.
LiveBarchasi