Namoyishlar ortidan Bolgariya hukumati tarqatib yuborildi
Olam
−
11 dekabr 2585 2 daqiqa
Bolgariya Bosh vaziri Rosen Jelyazkov mamlakatdagi iqtisodiy siyosat va korrupsiyaga qarshi samarali kurashilmayotgani uchun bir necha hafta davom etgan ko‘cha namoyishlaridan so‘ng bugun, 11 dekabr kuni hukumatining iste’fosini taqdim etdi.
Jelyazkov televideniye orqali chiqish qilib, parlament unga nisbatan ishonchsizlik votumi bo‘yicha ovoz berish arafasida o‘z iste’fosini e’lon qildi.
Iste’fo Bolgariya 1 yanvar kuni yevrotasma – yevrohududga qo‘shilishidan bir oz oldin sodir bo‘lmoqda.
“Koalitsiyamizning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, biz bugungi vaziyatni, duch kelayotgan muammolarni va mas’uliyat bilan qabul qilishimiz kerak bo‘lgan qarorlarni muhokama qildik. Jamiyat kutgan darajada bo‘lish bizning istagimiz. Hokimiyat xalq ovozidan kelib chiqadi”, dedi Jelyazkov hukumatning iste’foga chiqish qarori haqida ma’lum qilib.
Kecha, 10 dekabr kuni minglab bolgarlar Sofiyada va Qora dengiz bo‘ylab joylashgan o‘nlab shaharlarda namoyishga chiqdi – bu mamlakatdagi chuqur ildiz otgan korrupsiya va uni bartaraf etolmagan ketma-ket hukumatlardan xalqning charchaganini ko‘rsatuvchi navbatdagi norozilik aksiyalaridir.
Oldingi haftada Jelyazkov hukumati yevro bilan tayyorlangan birinchi davlat byudjeti – 2026 yil byudjeti loyihasini namoyishlar tufayli qaytarib olgan edi. Muxolifat partiyalari va turli tashkilotlar davlat xarajatlarini oshirish uchun ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari va dividendlar solig‘ini ko‘tarish rejalariga qarshi chiqishgan.
Hukumatning byudjetdan chekinish qaroridan keyin ham namoyishlar to‘xtamay davom etmoqda. Mamlakatda so‘nggi to‘rt yilda yetti marta umummilliy saylovlar o‘tkazilgan (so‘nggisi – 2024 yil oktyabrida). Bu siyosiy va ijtimoiy keskin bo‘linishlar ortidan yuzaga kelgan vaziyatdir.
Prezident Rumen Radev ham shu hafta boshida hukumatni iste’foga chiqishga chaqirgan edi. 11 dekabr kuni u parlament a’zolariga Facebook orqali murojaat qildi:
“Xalq ovozi va mafiyadan qo‘rqish o‘rtasida maydonlardagi ovozlarga quloq soling!” deb yozdi prezident.
Bolgariya konstitutsiyasiga ko‘ra, vakolatlari cheklangan Prezident Radev endi parlamentdagi partiyalarga yangi hukumat tuzish imkonini beradi. Agar ular bunga erisholmasa, u vaqtinchalik hukumat tuzib, yangi saylovlar o‘tkazilguniga qadar mamlakatni boshqarib turadi.
Live
Barchasi