Namangandan rohib va rohibalarning suyak qoldiqlari topildi

Jamiyat

image

Namangandagi arxeologiya ob’ektidan rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq o‘choq izlari topildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan Namangan viloyati Norin tumani hududida joylashgan Uchtepa-2 arxeologiya ob’ektini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish bo‘yicha taklif Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ob’ekt akademik Ahmadali Asqarov tomonidan ochib o‘rganilgan va bir qator tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, Uchtepa-2 o‘rnida qadimgi Xaylam shahri otashparastlarining ibodatxonasi joylashgani aniqlangan. Ibodatxona milodiy VII-VIII asrlarga qadar mavjud bo‘lgan. Qazishma ishlari vaqtida rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq o‘choq izlari hamda sopol idish siniqlari topilgan.

“Uchtepa-2 da o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar ibodatxona yong‘in natijasida vayron bo‘lganini ko‘rsatdi. Ruhoniylarga tegishli ekani taxmin qilinayotgan jasad qoldiqlarida esa o‘tkir tig‘li qurol bilan yetkazilgan zarba izlari topildi. Ushbu topilmalar va yong‘in izlari ibodatxonada jang olib borilganini ko‘rsatib turibdi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, ushbu tarixiy ob’ekt kelajak avlodga yetib borishi uchun bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda Uchtepa-2 arxeologiya ob’ekti konservatsiya qilingan.

“Uchtepa-2 arxeologiya ob’ektining devor va tom qismlarini issiq va sovuqdan saqlash uchun izolyatsiya ishlari amalga oshirilishi va ob’ektda doimiy bir xil haroratni saqlash maqsadida sovutish va isitish uskunasi o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

460

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing