Namangandagi tartibsizlikdan so‘ng “Navbahor” jazolandi. “Paxtakor“ jarimaga tortildi

Sport

image

Avvalroq Namangan shahridagi “Navbahor” o‘yingohida “Navbahor” va “Paxtakor“ futbol klublari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng, hakamlardan norozi muxlislar tomonidan tartibsizlik uyushtirilgandi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining yig‘ilishida ushbu o‘yinda yuzaga kelgan tartibsizliklar masalasi ko‘rib chiqildi

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga taqdim etilgan ma’lumot, dalil hamda videolar natijasida uchrashuv davomida har ikki jamoaning ayrim rasmiy shaxslari texnik zonani bir necha marotaba tark etib, bosh hakamga qo‘pol tarzda e’tiroz bildirgani, uchrashuvning 90-daqiqasida bosh hakam VAR monitoridan foydalanishi vaqtida uning ish faoliyatiga xalal berilgani aniqlangan.

Qolaversa, uchrashuvning so‘ngida “Navbahor” futbol klubi muxlislari uchrashuv rasmiy shaxslarini noma’qul so‘zlar bilan haqorat qilgani, shuningdek, ular tomonidan maydonga turli buyumlar uloqtirilgani, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga tegishli ko‘chma televizion stansiyaga hujum qilingani va unga jiddiy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Mavjud dalillar va ko‘rsatmalar atroflicha o‘rganib chiqilib, “Navbahor” – “Paxtakor” uchrashuvi vaqtida “Navbahor” futbol klubi ishqibozlarini muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirgani, stadion va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, jamoa rasmiy shaxslari tomonidan stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilgani sababli, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Intizom kodeksining 5.4., 5.9-bandlariga muvofiq, klubga nisbatan navbatdagi ikkita uy uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanilgan. 

Shuningdek, “Navbahor” futbol klubi Texnik direktori Mustafo Bayramov, darvozabonlar murabbiyi Pavel Sinelnikov stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgani, jamoa ma’muri Abdurauf G‘ulomov uchrashuv yakunida raqib jamoa futbolchilari maydonni tark etayotgan vaqtda noprofessional tarzda ularni juda qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun ularga nisbatan futbol klubi tomonidan ichki intizom chorasini qo‘llash to‘g‘risida klubga yozma taqdimnoma kiritilgan. 

O‘z o‘rnida, uchrashuv vaqtida “Paxtakor” futbol klubi rasmiy shaxslari tomonidan texnik zonani bir necha bor tark etib, stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlari sodir etilgani, jamoa rasmiylari va ayrim futbolchilari uchrashuv bosh hakamini bir necha marta noma’qul so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun “Paxtakor” futbol klubiga nisbatan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Intizom kodeksining 5.4-bandiga muvofiq jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyat IIB Axborot xizmati ushbu o‘yindan so‘ng rasmiy bilan chiqqan edi.

Unga ko‘ra, holat bo‘yicha 6 nafar fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, 1 nafar fuqaro esa 183 va 194-moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.

Xizmat mobaynida jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar shaxsiy tarkibi orasida hech qanday tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

373

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing