Namangandagi “roddom”da bir palataga o‘ndan ortiq ayollar joylashtirilishi ortidan TTB rahbari “uchdi”
Jamiyat
−
05 Oktabr 2022
11222O‘z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan Namangan viloyati Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, SSV ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida onalar va bolalar salomatligini ta’minlashga mas’ul tibbiyot muassasalari faoliyati tanqidiy o‘rganilmoqda. Xususan, dastlabki tahlillarga ko‘ra, 50 o‘rinli Chortoq tuman tug‘uruq bo‘limida shu yilning o‘tgan 9 oyida 3700 nafardan ortiq homilador ayol farzandli bo‘lgan. Muassasada joriy yil sentyabr oyiga qadar kuniga o‘rtacha 13 ta tug‘uruq amalga oshirilgan bo‘lib, bu davr oralig‘ida shifoxonaning ortiqcha yuklama bilan ishlashi deyarli kuzatilmagan.
Biroq sentyabr oyida kunlik tug‘ilishlar soni o‘rtacha 20 taga ortib ketgani bois, shifoxonada o‘rin-joylar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Ammo tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati tomonidan mazkur masalani hal etish bo‘yicha o‘z vaqtida kerakli chora-tadbirlar ko‘rilmagan. Oqibatda ushbu tug‘uruq bo‘limidagi palatalarda o‘rin-joylar sanitar-epidemiologik talablarga rioya etilmagan holda joylashtirilgan.
Ya’ni samarasiz ishlayotgan statsionar o‘rinlar hisobiga homilador ayollar uchun qo‘shimcha o‘rin-joylar yaratish imkoniyati mavjud bo‘la turib, tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati mazkur muammoga sovuqqonlik bilan yondashgan.
Ana shularni inobatga olgan holda, ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Tohir Mo‘minov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
O‘z navbatida, yuzaga kelgan muammoli vaziyatni tezkor bartaraf etish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasidagi samarasiz ishlayotgan statsionar o‘rinlar hisobidan tug‘uruq bo‘limi uchun qo‘shimcha yana 20 ta, jami 70 ta o‘rin-joy ajratilgan.
LiveBarchasi