Namanganda so‘kong‘ich hokim ishdan olindi
Jamiyat
−
29 dekabr 16976 1 daqiqa
Namangan viloyatidagi Yangi Namangan tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan Jobir Sharifovich Abdullayev lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rniga Adham Jakbaraliyevich Qoraboyev hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 29 dekabr kuni xalq deputatlari Yangi Namangan tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda tashkiliy masala ko‘rilgan.
Sessiyada Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qilgan. Viloyat rahbari keyingi yillarda Yangi Namangan tumanida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar barobarida, ishga solinmagan imkoniyatlar haqida to‘xtalib, odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashashlariga erishish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarni belgilab bergan.

Sessiyada deputatlar Namangan viloyati hokimining Jobir Sharifovich Abdullayev ni Yangi Namangan tumani hokimi vazifasidan ozod qilish va tuman kengashining deputatlik vakolatini muddatidan oldin soqit qilish haqidagi qarorlarini tasdiqlagan.
Shuningdek, viloyat hokimining Adham Jakbaraliyevich Qoraboyevni Yangi Namangan tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori bir ovozdan ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda ijtimoiy tarmoqlarda Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayev tadbirkorni so‘kkani aks etgan audioyozuv tarqalgandi. O‘shanda hokimga hayfsan qo‘llanilgan. Biroq uning bugungi ishdan olinishiga nima sabab bo‘lgani jamoatchilikka ma’lum emas.
Live
Barchasi