Namanganda olib qochilgan 16 yashar qiz o‘zini avtomobildan tashlab, halok bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 16 yashar qiz o‘zini yurib ketayotgan avtomobildan tashlab, halok bo‘ldi. Bu haqda “Zamon” axborot-tahliliy dasturida xabar berildi. 

Voqea joriy yilning 20 dekabr kuni soat 23:30 da Namangan viloyati Norin tumanida sodir bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, Norin tumanida istiqomat qiluvchi 18 va 20 yoshli yigitlar oldindan jinoiy til biriktirib, mast holatda tumandagi “Changitma” mahallasidagi xonadonlarning birida ijarada yashab kelgan, asli uchqo‘rg‘onlik bo‘lgan 16 yoshli qizning oldiga borib, u bilan qizning dugonasiga bog‘liq muhabbat mojarosi haqida gaplashib olishini va bu masalada yordami kerakligini aytib, uni uydan yashirin holatda chiqishga ko‘ndirgach, Damas avtomashinasida o‘g‘irlab ketadi. 

Qiz esa ularga faol qarshilik qilib, maqsadida yurib ketayotgan avtomashinaning eshigini ochib, o‘zini tashlab yuboradi.

Yigitlar shu zahoti avtomobilni to‘xtatib, ulardan biri qizni yo‘l chetiga olib chiqadi. Bu vaqtda ikkinchi yigit o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Damas avtomobilida qo‘rqib qochib ketadi.

Xabarda qayd etilishicha, yo‘ldan o‘tib ketayotgan Lacetti avtomashinasi haydovchisi qizni shifoxonaga olib borgan. Biroq ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay qiz shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi Norin tumani “Changitma” mahallasidagi xonadonda uchqurg‘onlik va norinlik qizlar bilan birga o‘qishga kirish uchun tayyorlov kurslariga qatnash maqsadida bir yarim oydan beri yashab kelayotgan bo‘lgan.

Holat yuzasidan Norin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksi 117-moddasi 2-qismi va 137-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1489

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing