Namanganda fuqaroni o‘g‘irlab, pul talab qilgan bir guruh bosqinchilar ushlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning 11 avgust kuni soat 16:00da 40 yoshli A.K., 39 yoshli R.K., 23 yoshli A.K., 35 yoshli B.B., 33 yoshli S.A. va 30 yoshli J.A. oldindan jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib, Namangan shahri I.Karimov ko‘chasida joylashgan avtomashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasiga kelishgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular o‘zganing mulkini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, shu yerda ishlovchi o‘zlariga oldindan tanish bo‘lgan 28 yoshli Sh.Q.dan 95 million so‘m qarzini berishni talab qilishib, hech bir sababsiz uni badanining turli joylariga qo‘li va oyoqlari bilan urib do‘pposlashgan.

Shundan so‘ng, ular Sh.Q.ni Gentra rusumli avtomashinaga yuklab, uni o‘g‘irlab Namangan shahri, Ziyonur ko‘chasida joylashgan qurilishi tamomlanmagan binoga olib borishgan. U yerda Sh.Q.ga sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, urib-do‘pposlab yonida bo‘lgan 5 mln so‘m pulini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (odam o‘g‘irlash) va 164-moddasi 2-qismi “b” bandi (bosqinchilik) hamda 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu jinoyatni sodir etgan barcha shaxslar ushlanib, jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi ma’lumotda.


Maqola muallifi

Teglar

bosqinchilik

Baholaganlar

188

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing