Namanganda ayol qornidan tibbiy doka va rezina qo‘lqop topildimi?
Jamiyat
−
14 avgust
6808Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan ayol qornida tibbiy doka va rezina qo‘lqop qolib ketgani haqida xabarlar tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinib, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida tegishli ishchi guruh Namangan viloyatiga yuborilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh akusher-ginekologi, tibbiyot fanlari doktori L.Abdullayeva boshchiligidagi malakali mutaxassislar guruhi tomonidan dastlabki o‘rganishlar olib borilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 11 may kuni soat chamasi 09:00 larda Chortoq tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaro B.U. tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish maqsadida kelgan.
O‘tkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlardan so‘ng ayolga “3-Homiladorlik. 39-hafta, 3 kun. Bachadon chandig‘i. Kamqonlik o‘rta darajasi. AAA (2 marta kesar kesish)” tashxisi qo‘yilib, tug‘uruqxonaga yotqizilgan. Shundan so‘ng bemor holati haqida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filialiga xabar berilib, davolash jarayonlari uchun mazkur muassasadan mutaxassis chaqirilgan.
“Shu kuni soat chamasi 15:40 larda tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq ayolda filial ginekologiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori T.Abdukarimov va tug‘uruqxona bo‘limi mudiri X.Abidova tomonidan kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan. Jarrohlik jarayoni sanitariya qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda va tegishli standartlar asosida amalga oshirilgan”, deyiladi xabarda.
Operatsiya davomida ayol roziligi bilan IJK (ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi) qilingan. Amaliyot asoratsiz o‘tgan. Biroq ayolning homilasi bakterial va virusli infeksiya tufayli antenatal davrda vafot etgan. Anamneziga ko‘ra, bemor homiladorlik davrida kamsuvlik, 2-3 marta O‘RVI va o‘tkir siydik yo‘llari infeksiyasiga qarshi davolangan.
Oila a’zolari tomonidan sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish yozma ravishda rad etilgani sababli marhumning jasadi tug‘uruqxona mudirasi tomonidan uyiga berib yuborilgan. Shu bois mazkur holat yuzasidan tug‘uruqxona bo‘limi mudiri X.Abidovaga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
“Jarrohlikdan so‘ng bemorning bachadoni doim toza bo‘lgan, bir necha marta UTT tekshiruvi o‘tkazilgan. Undan keyin ayol o‘tkir zamburug‘li kolpit bilan uy sharoitida mustaqil davolangan. Ya’ni o‘zboshimchalik bilan zamburug‘ga qarshi tibbiy shamchalar va doka tampondan foydalangan.
So‘nggi oylarda bemor sog‘ligining yomonlashishiga aynan o‘tkir zamburug‘li kolpit bilan kasallanishi, siydik yo‘llari infeksiyasining takrorlanishi va laktatsiya qaytalanishi birgalikda kechgani sabab bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ishchi guruhi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ayol qornida tibbiy doka va rezina qo‘lqop qolib ketgani haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz ekani aytilgan.
LiveBarchasi