Namanganda aholiga ajratilgan 13 ming tonna ko‘mirni sotib yuborgan mas’ullar ushlandi
3-sahifa
−
05 noyabr
2806Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm, Namangan viloyatlarida ko‘mir ta’minotidagi talon-torojliklar fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashkilotning Namangan boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Namangan shahri ko‘mir ombori mas’ul shaxslari ushlangan. Ular kuz-qish mavsumida imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berish uchun ajratilgan umumiy bahosi 4,1 milliard so‘mlik jami 13,3 ming tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborgan.
Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Bog‘ot tumani ko‘mir ombori kassiri S.K., haydovchisi E.O. va ombor qorovuli K.M. qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, ular umumiy bahosi 85,5 mln so‘mlik 276 tonna ko‘mirni ombordan yashirincha olib chiqib, shundan 900 kilogrammini fuqaro M.X.ga 1 million so‘mga sotgan. Shuningdek, ushbu omborda 345,8 tonna ko‘mir kamomadi kuzatilgan.
Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.T.S.” MCHJ mas’ul shaxslari Taxtako‘pir va Shumanay tumanlaridagi ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ko‘mir xarid qilish uchun byudjetdan ajratilgan 1,4 milliard so‘m mablag‘ning 340,8 million so‘mini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 751,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning ferma fosh etilgandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik), 278-9-moddasi (mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan.
LiveBarchasi