Namangan va Andijonda “tabletka” savdogarlari ushlandi
3-sahifa
−
18:55 179 2 daqiqa
Namangan va Andijon viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.Yo. 938 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro O.N. ga 7 700 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan. Undan yana 1 848 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tergovga qadar tekshiruvda M.Yo. mazkur dori vositalarini muqaddam sudlangan tanishi M.S. bilan Farg‘ona shahridan sotib olgani aniqlangan. M.Yo. ning vazifasi dorilarni lokatsiyalar bo‘yicha joylashtirish va ularning saqlanishini ta’minlash, M.S. ning vazifasi esa mijoz topib, dorilarni sotishdan iborat bo‘lgan.
Shuningdek, departamentning Baliqchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.O. ning “Navro‘z” MFY hududidagi xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Undan sotish maqsadida saqlangan 308 dona “Regapen” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-6-moddasi (Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tez tibbiy yordam stansiyasi brigada feldsheri psixotrop dorilarni sotayotganda qo‘lga tushgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi