Namangan shahrining sobiq hokimi 11 yilga qamaldi (video)

3-sahifa

image

Namangan shahrining sobiq hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev 11 yilga qamaldi. Bu haqda Farg‘ona viloyat sudlari xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudining bugun, 7 avgustdagi hukmi bilan Anvarjon Otaxo‘jayev (1972 yilda tug‘ilgan, Namangan shahar hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. 

Anvarjon Otaxo‘jayevga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida uzil-kesil 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 3 nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 nafariga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari hamda 1 nafar sudlanuvchiga 3 yilga ozodlikni cheklash jazolari tayinlangan.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.

Otaxo‘jayev ishi

Otaxo‘jayev va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgan.

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bildirilishicha, shahar hokimi Otaxo‘jayevga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho berilishi aytilgan.

Anvar Otaxo‘jayev ushbu lavozimda 2023 yilning 18 dekabridan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar