Nafas olish a’zolari kasalliklari kimlarda ko‘proq uchraydi?

Intervyu

image

Pandemiya shuni ko‘rsatmoqdaki, nafas organlari kasallikka moyil kishilar o‘z sog‘liklariga jiddiy e’tibor qaratishlari kerak bo‘lmoqda. Shunday bemorlar uning profilaktikasi, tashxisi va ushbu kasallikdan samarali davolanish uchun nimalarga e’tibor berishlari kerak?

Shu kabi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot  markazi diagnostika bo‘limi shifokori, oliy toifali pulmonolog Xayrullo Rajabov javob berdi.

— Nafas olish tizimi bilan bog‘liq kasalliklar unchalik xavfli ko‘rinmasa-da, aslida o‘lim xavfi juda yuqori kasalliklar guruhiga kiradi...

— Aslida xavfsiz kasallikning o‘zi yo‘q. Hozirgi paytda aholi orasida uchraydigan nafas a’zolari kasalliklarining asosiy  qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi va pnevmoniya tashkil kiladi. 

Masalan, dunyo statistikasi buyicha bronxial astma kasalligi aholi orasida o‘rtacha 5 foiz hollarda uchraydi, bu ko‘rsatgich bolalar orasida yanada ko‘proq uchrab, o‘rtacha 10 foizni tashkil qiladi. Surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi dunyo bo‘yicha kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlarining asosiy sabablaridan biriga aylanib bormokda. 

Bu o‘z o‘rnida  iqtisodiy va ijtimoiy muoammolarni yuzaga keltiradi. Infeksion kasalliklar orasida o‘lim sabablari ko‘rsatkichi bo‘yicha pnevmoniya birinchi o‘rinni va umumiy o‘lim ko‘rsatkichi sabablari bo‘yicha oltinchi o‘rinni egallaydi. 

— O‘zbekiston keskin kontinental iqlim mintaqasiga kiradi. Ayniqsa, Orol fojiasi, so‘nggi yillardagi iqlimiy o‘zgarishlar mintaqa aholisining nafas olish organlari kasallanishlari darajasini oshirib yubordi...

— To‘g‘ri, yurtimizda aholi orasida kasallanishlar ko‘rsatkichi bo‘yicha nafas a’zolari kasalliklari yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Nafas a’zolari kasalliklari o‘lim sababi ko‘rsatkichi buyicha beshinchi o‘rinni,  bolalar orasida esa ikkinchi o‘rinni egallaydi. 

Nafas a’zolari kasalliklari orasida katta muammolarga sabab bo‘luvchi yana bir nechta kasalliklar bor. Bularga o‘pkaning interstitsial kasalliklari, mukovissidoz, nafas yetishmovchiligi,  uyqu apnoe sindromi,  o‘pka sili va yukori nafas a’zolari kasalliklari kiradi.

— Yurtdoshlarimizni eng ko‘p qiynaydigan nafas olish bilan bog‘liq kasallik —bronxial astma bo‘lsa kerak. Bu kasallikka chalinmaslik va undan samarali davolanish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

— Bronxial astma, tibbiyot tili bilan aytganda, giperreaktivlik bilan namoyon bo‘luvchi nafas a’zolarining surunkali yallig‘lanishidir. Bu surunkali yallig‘lanish jarayonida, asosan, semiz hujayralar, eozinofillar va T-limfotsitlar ishtirok etadi.

Bronxial astma quruk yo‘tal, nafas qisish xurujlari, hansirash,  ko‘krakda og‘irlik hissining paydo bo‘lishi kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi, bu holatlar, asosan, tunda yoki ertalab saharda kuzatiladi. Bu  holatlar ko‘pincha dori ta’sirida orqaga qaytishi mumkin. Bu kasallikni  quyidagi omillar keltirib chiqaradi:

•    genetik moyillik, atopiya, nafas yo‘llari giperreaktivligi;
•    tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, o‘simliklar changlari, uy hayvonlari juni), chekish, respirator infeksiyalar, parazitar invaziya  va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.

Bronxial astmaning qanday  kechishi uning o‘z vaqtida aniqlanishiga bog‘liq. Agar kasallik o‘z vaqtida aniqlanib, bemor shifokor ko‘rsatmalariga to‘g‘ri amal qilsa, ya’ni asosiy davolash jarayonlariga e’tiborli bo‘lsa, kasallikni to‘liq nazorat qilish mumkin. Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va  kasallik alomatlarining uzoq muddatga zaiflashuviga sabab bo‘ladi...


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1288

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing