Nyu-York sudi Trampni firibgarlikda aybdor deb topdi
Olam
−
17 fevral
4679Nyu-York sudi AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampni Trump Organization aktivlarini baholashda firibgarlik qilganlik bo‘yicha fuqarolik ishida aybdor deb topdi va unga taxminan 355 million dollar jarima to‘lash ja’zosi tayinlandi. Bu haqda elektron sud ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan sudya Artur Engornning qarorida ma’lum qilindi.
Sud qarori Trampga uch yilgacha “Nyu-York shtatida biron bir korporatsiyada xodim yoki direktor sifatida xizmat qilish”ni ham taqiqlaydi. Shuningdek, AQSHning sobiq prezidentiga uch yil davomida “Nyu-York shtatida ro‘yxatdan o‘tgan har qanday moliya institutidan kredit olish uchun ariza berish” taqiqlanadi.
Bundan tashqari, Trampning o‘g‘illari, kichik Donald Tramp va Erik Tramp firibgarlik, jumladan, moliyaviy hisobotlar va biznes yozuvlarini soxtalashtirish, shuningdek, til biriktirishda aybdor deb topildi. Ularning har biri 4 million dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Ular ikki yil davomida Nyu-Yorkdagi biznesni boshqara olmaydi.
Trampning advokati Alina Xabba sobiq prezident qaror ustidan shikoyat qilishini bildirdi.
Qayd etish joizki, sud prokuratura talablarini to‘liq qanoatlantirmagan. Shtat prokuraturasi 370 million dollar tovon puli va Trampni ko‘chmas mulk biznesi bilan shug‘ullanishdan umrbod cheklashni so‘ragan edi.
Ma’lumot uchun, Nyu-York prokuraturasi 2022 yilning sentyabrida Tramp va uning kompaniyasiga qarshi fuqaroviy firibgarlik bo‘yicha sudga murojaat qilgan. Nyu-York shtati bosh prokuroriga ko‘ra, kompaniya kreditlar va sug‘urtalash bo‘yicha qulayroq shartlarni olish maqsadida aktivlar qiymati haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergan. Prokurorlarga ko‘ra, aktivlar qiymati 2,23 milliard dollarga oshirilib, 3,6 milliard dollarga yetgan. Xususan, Trampning Floridadagi mulki, Manxettendagi Trump Towyer osmono‘par binosidagi kvartiralari, bir nechta ofis binolari va golf o‘ynash uchun maydonlari narxi oshirilgan. Trampning himoyasi bu ayblovlar asossiz ekanini va mulk narxi turli sabablarga ko‘ra vaqt o‘tishi bilan o‘zgargan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
LiveBarchasi