MY5'da nima gaplar? Telekanal qayta jonlanadimi? 

Biznes

photo_2022-03-18_17-43-41

MY5 – O‘zbekistondagi eng ommabop telekanallardan biri. “Markaziy studiya”, “Amirxon Umarov shousi” va bir qator loyihalari bilan katta auditoriya to‘play olgan. Lekin boshqa raqobatchi kanallarning tez rivojlanib borishi natijasida so‘nggi paytlarda uning reytingi ancha pastladi. Dastlabki yillarida eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan telekanal 2021 yil oxiriga kelib, O‘zbekistondagi kanallar reytingida 5-6-o‘rinda ham ko‘rinib qoldi.

Joriy yil boshida telekanal Bosh direktori almashdi. Eski yangi rahbar (Q.Axmedov 2018-2020 yillarda ham telekanalga rahbarlik qilgan) boshchiligidagi ijodiy jamoa MY5 dagi vaziyatni o‘zgartira oladimi yoki yo‘q – buni, albatta, vaqt ko‘rsatadi. Telekanal kelajagi bugun amalga oshirilayotgan ishlarga bog‘liq.

Qalampir.uz tahririyati kanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov bilan MY5 da ayni paytda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, kiritilayotgan yangiliklar haqida suhbatlashdi.

– Qobuljon aka, bilasiz, har bir telekanalning o‘z yo‘nalishi va maqsadi bor. Shu bilan birga, kanallar davlat tomonidan yoki xususiy sektor tomonidan boshqariladi. Siz rahbarlik qilayotgan “Mening yurtim” telekanalining haqiqiy egasi kim? Telekanal faoliyatining maqsadi nimalardan iborat?

– “Mening yurtim” telekanalining muassislari – O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (ko‘pchilik NAESMI sifatida biladi). Ya’ni ikki nodavlat notijorat tashkilot. Telekanal to‘liq davlat tassarrufida ham emas, xususiy deb atab ham bo‘lmaydi. Telekanal maqsadi esa – yoshlarga oid davlat siyosatini targ‘ib qilish, ularga mos telemahsulotlar tayyorlashga qaratilgan. Biz, asosan, yoshlar auditoriyasi uchun ishlaymiz.

– Demak, telekanalga nodavlat-notijorat tashkilotlar tomonidan asos solingan. Uning moliyalashtirilishi ham ta’sischi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladimi yoki davlat byudjetidan pul ajratiladimi?

– Yo‘q, MY5 to‘liq o‘zini-o‘zi moliyalashtiradi. Shuning uchun ham siyosatdan tashqari biz raqobatbardosh telemahsulotlar va seriallar ishlab chiqarishga, reklamalar orqali o‘zimizni moddiy ta’minlashga harakat qilamiz.

– Bugun xususiy telekanallar orasida raqobat ancha kuchli. MY5 ham 8 yildan beri xususiy kanallar qatorida baravar faoliyat yuritdi. Lekin so‘nggi paytlarda uning reytingi pastlaganini ko‘ryapmiz. Kanal reytingini ko‘tarish uchun qandaydir rejalar ishlab chiqilganmi?

– Hozirda kanal reytingini ko‘tarish uchun yetakchi mutaxassislar birgalikda ish olib borilmoqda. Efir setkasi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi, ayrim loyihalar efirdan olib tashlandi. Kunlik dasturlar takomillashtirilib, ularning soni va sifatiga katta e’tibor qaratilyapti. Bundan tashqari, yangi mavsum uchun 10 dan ortiq yangi loyiha va seriallarni efirga uzatishni maqsad qilganmiz. Barcha sirni ochish niyatim yo‘q, lekin aprel oyidan boshlab bor kuch-g‘ayratimizni teletomoshabinlar e’tiborini qozonishga safarbar qilishimizni ayta olaman.

–  O‘zbekistonda yoshlar hayotini yoritib boruvchi boshqa telekanallar ham bor. MY5 ulardan qaysi jihatiga ko‘ra ajralib turadi?

–  Bu borada telekanalning o‘z yo‘nalishi bor. Biz davlat siyosatini noan’anaviy, zamonaviy formatda yoritib boramiz. Masalan, 2022 yil – “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlandi. MY5 yangi mavsumda aynan mahalla bilan bog‘liq bir qancha yangi loyihalarga qo‘l urgan. Xususan, “Yon qo‘shnim – jon qo‘shnim” dasturi yonma-yon yashaydigan ikkita xonadonning o‘zaro qo‘shnichilik aloqalari bilan bog‘liq. “To‘y bo‘lsin” ko‘rsatuvi esa turli hududlarning o‘ziga xos udumlari va urf-odatlariga bag‘ishlangan. Bundan tashqari, “Mahalla marafoni” deb nomlangan dastur ham bor. Unda mahalla yoshlari 10 dan ortiq soha mutaxassislari bilan birgalikda tajriba sinov tariqasida ish olib borishadi.

– Faqatgina yoshlar mavzusi bilan yoki mahalla hayotiga bog‘liq ko‘rsatuv bilan boshqa raqaboqatchi telekanallarni “sindirish” mumkinmi?

– Biz 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlami uchun ishlaymiz. Yangi mavsumda bolalar uchun ham, katta yoshdagi insonlar uchun ham ko‘rsatuvlar rejasi ishlab chiqilgan. Masalan, haftaning shanba va yakshanba kunlarida kichik yoshdagilar uchun “Sho‘x bolalar” nomli hajviy dastur efirga uzatiladi. Shuningdek, “Belanchak” va Yana yoshmandeb nomlangan ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda. “Belanchak” ko‘rsatuvida uzoq yillardan beri farzand ko‘rolmayotgan oilalarga ko‘mak berilsa, “Yana yoshman” loyihasida professional shifokorlar tomonidan ayol-qizlarga ko‘rsatilgan tibbiy muolaja va jarrohlik amaliyoti jonli tarzda namoyish etib boriladi. Qolaversa, ayollar muhokamasidagi mavzularga oid ayollar tok-shousi ham kunlik dasturlar rejasiga kiritilgan.

– Hozirgi kunda telekanallar orqali efirga uzatilayotgan seriallar mavzusi, undagi voqealar rivoji deyarli bir xil. Tomoshabinlar serialning bir-ikkita qismini ko‘rib, filmning qanday yakunlanishi haqida xulosa chiqaradigan darajaga yetgan. MY5 telekanalida seriallar saviyasiga qay darajada e’tibor qaratilyapti?

– Yangi seriallarning har biri aniq bir g‘oya asosida va bir maqsadga yo‘naltirilgan holda suratga olinmoqda. Yaqin kunlarda efirga uzatiladigan “Qo‘limdan tut” milliy seriali maktab o‘quvchilari va ustozlar mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa, “Parizod” seriali 5 nafar mehnatkash opa-singillar taqdiri haqida hikoya qiladi. “Nafs” nomli yana bir serialimiz jamiyatdagi turli illatlarga qarshi kurashishga qaratilgan. Bundan tashqari, Mohi Ramazon oyida muxlislar uchun ko‘plab sovg‘alar tayyorlaganmiz. Yangicha formatdagi “Ibrat” ma’naviy-ma’rifiy dasturi, tarbiyaviy ahamiyatga ega “Buni hayot deydilar”, “Hayot davom etar” telenovellalari va yana ko‘plab yangi mahsulotlar namoyish etiladi.

– Telekanalda yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ham ishlab chiqilganmi?

– Ha, albatta. Biz yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularga mos kontent yaratishga harakat qilamiz. “Besh ketdim” nomli yangi interaktiv loyihada har bir yosh ishtirok etib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishi mumkin. Unda turli sohalarga oid savol-javoblar bo‘ladi. G‘oliblarga maxsus sovg‘alar ajratiladi. Biznes boshlamoqchi bo‘lgan yigit-qizlarimiz uchun ham yangilik bor. Telekanalda yaqin orada tadbirkorlikka oid  realiti shou efirga uzatiladi. Aynan shu dastur orqali yosh tadbirkorlar o‘z faoliyatida yo‘l qo‘yayotgan xato-kamchiliklar haqida bilib oladi.

– Rejalar yaxshi, lekin natija muhimroq. Telekanal reytingini ko‘tarish uchun qilayotgan harakatlaringiz hosilini qachon ko‘rsak bo‘ladi?

– Biz ijodiy jamoa bilan birgalikda uch oyda reytingni yuqoriga ko‘tarish niyatidamiz. Yaratgan kuch-quvvat berib tursa, tomoshabinlar duosi va telekanal oilasining shijoati bilan ko‘zlaganimizga erishamiz. Kirib kelayotgan Navro‘z ayyomi barchaga muborak bo‘lsin.

Javohirbek Tursunov
 

Hamkorlik asosida


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

233

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing