Muzlik qulashi ortidan kelgan ofat 162 kishining umriga zomin bo‘ldi (video)

Olam

image

Nepal va Xitoy chegarasidagi hududlarda muzlik qulashi oqibatida yuzaga kelgan kuchli suv toshqinlari oqibatida kamida 162 kishi halok bo‘ldi. Nepal va Tibetda qariyb 1 000 kishi bedarak yo‘qolgani ma’lum qilindi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tibetda muzlik qulashi ortidan yuzaga kelgan ko‘chkilar sababli 3 kishi halok bo‘lgan va 558 kishi bedarak yo‘qolgan. Xitoy davlat televideniyesining ma’lumotlariga ko‘ra, bedarak yo‘qolganlarning 260 nafari xorijlik, 2 nafar mahalliy aholi vakili esa qutqarilgan.

Nepal politsiyasi mamlakat hududida kamida 162 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Kuchli suv oqimi yo‘llar va binolarni vayron qilgan, transport vositalari loy ostida qolgan. Ayrim hududlarda transport qatnovi to‘xtatilgan.

Nepal rasmiylari avvalroq 403 kishi, jumladan 341 nafar xorijlik bedarak yo‘qolgani haqida ma’lum qilgan edi. Ular orasida Hindiston, AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Kanada fuqarolari bor. Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Penni Vong Nepalda kamida 34 nafar avstraliyalik bilan aloqa uzilganini aytgan.

“Biz bu avstraliyaliklar alohida ziyorat va sayohat guruhlari tarkibida bo‘lganini tushunyapmiz”, degan Vong.

Mahalliy aholi vakili Shoyam Rachbhandari esa toshqin juda tez kelganini ta’kidlagan.

“Yarim soat ichida toshqin keldi va butun bozorni vayron qildi. Qancha odam bedarak yo‘qolgani yoki halok bo‘lganini bilmaymiz”, degan u.

AQSH Geologik xizmati dastlab hududda 4,4 magnitudali zilzila qayd etilganini bildirgan. Keyinchalik bu zilzila emas, balki 5,2 magnitudaga teng muzlik qulashi natijasida yuzaga kelgan seysmik hodisa ekani aniqlangan.

Mutaxassislarning aytishicha, muzlikdan tushgan muz va toshlar daryoni to‘sib qo‘ygan, shundan so‘ng suv katta kuch bilan pastga oqib, aholi punktlariga zarar yetkazgan. Trishuli daryosida suv sathi yarim soat ichida 9 metrga ko‘tarilgan.

Iqlim tadqiqotchisi Sasvata Sanyalning qayd etishicha, Lxende Kxola daryosi so‘nggi 14 oy ichida ikkinchi marta toshgan.

“Lxende Kxola 14 oy ichida ikki marta toshdi. Bu safar bunga Nepal tomonidagi muzlikdan tushgan muz va toshlar sabab bo‘ldi. Ular daryoni to‘sib qo‘ydi va keyinchalik suvning quyi oqim tomon keskin otilib ketishiga olib keldi”, degan u.

Mutaxassislar “isib borayotgan Himolay” sharoitida bunday tabiiy ofatlar xavfi ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Tadqiqotchilar Hindukush-Himolay mintaqasida muzliklarning erish tezligi oshganini, 2000 yildan beri muz yo‘qotilishi darajasi ikki barobarga ko‘payganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Narra” to‘foni tufayli Xitoyning janubiy hududlari va Vetnam shimolida kuchli yomg‘ir yog‘ib, suv toshqinlari va ko‘chkilar yuzaga kelgan edi. Xitoyda 54 mingga yaqin aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirilib, Vetnamda bir kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing