Mujtabo Xomanaiyning sog‘lig‘i haqida ma’lumot berildi

Olam

image

Eronning yangi Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy AQSH va Isroilning havo hujumi oqibatida tizzasi va belidan jarohat olgan, shuningdek qulog‘i orqa qismidan kesilgan. Bu haqda “Al Araby” xabar berdi.

Eronning yangi rahbari 28 fevral kuni AQSH va Isroil Eron hududiga qarshi qo‘shma harbiy operatsiyani boshlagan paytda jarohat olgan. O‘sha hujumda uning otasi – Eron rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgani aytilgan.

Eron rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, portlash to‘lqini oqibatida Mujtabo Xomanaiy yerga yiqilib tushgan va tizzasi hamda belidan jarohat olgan. Bundan tashqari, qulog‘i orqa qismida kichik kesik paydo bo‘lgan. Beldagi jarohat allaqachon tuzalgan, tizza esa tez orada to‘liq sog‘ayishi kutilmoqda. Qulog‘i orqasidagi kichik kesik esa sallasi sabab ko‘rinmaydi.

Rasmiylar Xomanaiyning sog‘lig‘i bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘qligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “dushman tomoni Oliy rahnamo haqida ma’lumot yoki yozuvlarni qo‘lga kiritib, unga zarba berishga urinmoqda”.

Qayd etish joiz, bu Eron hukumati yangi Oliy rahnamo olgan jarohatlar tafsilotlarini ilk bor rasman oshkor qilayotgan holat hisoblanadi.

Xomanaiy otasi halok bo‘lganidan keyin Oliy rahnamo lavozimini egallagan. Shundan so‘ng AQSH uni va boshqa muhim amaldorlarni topishga yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning sobiq oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning urushning birinchi kunida o‘ldirilishi mamlakatda yangi tartib o‘rnatilishiga olib kelgani, bu tartibda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ustunlik qilayotgani, uning vorisi bo‘lgan Mujtabo Xomanaiyning roli esa faqat qarorlarni legitimlashtirish (rasmiylashtirish) bilan cheklanib qolayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing