Mo‘ynoqda ekologiya inspektori YTH sabab vafot etdi. Voqea infratuzilmadagi muammolardan “gapirmoqda”
Jamiyat
−
09 dekabr 2020
4522Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani ekologiya inspektori Shamil Torejanov xizmat vazifasini bajarish vaqtida yo‘l-transport hodisasi sabab vafot etdi. Uning vafoti bir jihatdan baxtsiz hodisa bo‘lsa, ikkinchi jihatdan infratuzilmadagi muammolarni suv yuziga chiqardi. Bu haqda “El xizmetinde” gazetasida xabar berildi.
Gap shundaki, Orol dengizining qurigan maydonida noqonuniy ovchilar yurganidan xabar topgan Mo‘ynoq ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i T. Tileumuratov, inspektorlar Sh. Torejanov, A. Mambetnazarovlar avtomobilda yo‘lga chiqadilar. Yo‘lda transportning balloniga shikast yetadi va haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotadi. Oqibatda avtomobil yo‘ldan chiqib ketib, avtohalokatga uchragan.
Hodisa joyida inspektor Sh.Torejanov og‘ir jarohat olib, ahvoli og‘irlashgan va ko‘p o‘tmay joni uzilgan. YTH sodir bo‘lgan ushbu ovloq hududligi, mobil aloqa yo‘qligi bois, tez yordam chaqirish imkoni bo‘lmagan. Voqea joyiga eng yaqin odam yashaydigan hududgacha masofa 45 kilometrni tashkil etgan.
Baxtsiz hodisa tafsilotini bayon qilgan T. Tileumuratovning ta’kidlashicha, u vaqtni cho‘zmay Orol dengizining qirg‘og‘ida artemiya yig‘ish bilan shug‘ulllanadiganlarni yordamga chaqirish uchun piyoda ketgan. Yana bir sherigi baxtsiz hodisa joyida qolgan.
T. Tileumuratov izg‘irin sovuqda 45 kilometr yo‘l bosib, tunning bir pallasida arang deganda dengizning qirg‘og‘idagi lagerlarga yetadi. Lekin, artemiyachilarda faqat botqoqlikda yura oladigan transport topilgan, xolos. U shu joydan telefon orqali Mo‘ynoqga xabar qiladi.
Hozirda voqea bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.