Mutaxassislar koronavirus issiq havoda o‘ladi deb aldaganmidi? Otabekov iddaolarga javob berdi

Intervyu

O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgan ilk davrlarda bemorlar juda tez sog‘aydi. Ular shifoxonalardan tantanali ravishda, qo‘lida gullar bilan kuzatildi. O‘zbekiston koronavirusni bu qadar oson “o‘zlashtirgani” ko‘pchilikda shubhalarni uyg‘otdi. Iyul-avgust oylarida kasallanish holatlari ortishi, o‘lim soni ko‘payishi, bemorlarning sog‘ayishi qiyinlashishi va qo‘llanilayotgan dorilar masalasida ko‘p bahslar chiqishi ortidan mart, aprel va may oylarida koronavirusga chalingani aytilgan bemorlar haqiqatan ushbu infeksiyani yuqtirganmidi yoki Sog‘liqni saqlash vazirligi spektakl qo‘ydimi degan savollarni keltirib chiqardi. Bu orada esa mutaxassislar odamlarni tinchlantirishga, vahimaga berilmaslikka, dorilar yetishmovchiligi bo‘lmasligi, shifoxonalarda ham o‘rinlar yetarliligiga va koronavirus 25 daraja issiqda yo‘q bo‘lib ketishiga ishontirishga urindi. Haqiqiy vaziyat esa bundan ancha farq qilar edi. 

Xo‘sh, pandemiya davrida mutaxassislar yolg‘on ma’lumotlar va tavsiyalar bilan odamlarni aldadimi? QALAMPIR.UZ’ning #CoronaMarafoni jonli muloqotida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekovga yuqoridagi savollar bilan murojaat qilindi. 

“Men haligacha koronavirus, umuman, barcha viruslar quruq va issiq havoda tezda nobud bo‘lishini inkor qilmayman. Keling, siz bergan savollarga boshidan yondashsak. Koronavirus kasalligi O‘zbekistonga kirib kelganini hech kim inkor qilgani yo‘q. Ha, dastlabki kunlarda biz kasallikni kichkina raqamlarda, hali jiddiy avj olib ketmasidan jilovlay olamiz, degan fikrda edik. Bizning birlamchi fikrimiz shu bo‘ldiki, kasallik aynan 15 mart kuni O‘zbekistonga kirib keldi. Aslini olganda 14 mart kuni ham, 13 mart kuni ham, 1 mart kuni ham epidemik noxush hududlardan odamlar kela boshlagan. Faqat kasallikning birinchi aniqlangan kunini tan olib, bir paytning o‘zida kasallik biz aniqlaganimizdan avvalroq kirib kelganini inkor qilmaymiz. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Respublikasi koronavirus kasalligiga kirib kelishi barobarida O‘zbekistondagi karantin va cheklov tadbirlarini bosqichma-bosqich amaliyotga kiritdiki, asosiy maqsad kasallikning yuqish intensivligini bir muncha kamaytirish. Hozir O‘zbekistonda har 100 ming aholiga kasallanish ko‘rsatkichi 0,1-0,2 foizni tashkil etmoqda. 

Yuqumli kasalliklar shunday kasallikki, uni yashirishdan manfaat yo‘q. Masalan, hozir O‘zbekistonda 80 ming emas, 180 yoki 500 ming bemor qayd etildi, desak kim e’tiroz bildiradi? Aytmoqchi bo‘lganim, O‘zbekiston Respublikasi laboratoriyada rosmana tasdiqlangan raqamlar asosida kasallikka chalinganlarning statistikasini yurityapti. Lekin biz, o‘sha kasallik tashxisi laboratoriya tasdiqlanmasdan, klinik belgilari namoyon bo‘lgani uchun tibbiyotga murojaat qilgan odamlarni ham eshitganmiz. O‘zbekistonda koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi 0,9 ga yetmaydi. Demak, bu degani juda yaxshi ko‘rsatkich”, deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekov.

Mansabdor so‘zida davom etarkan, issiq ob-havo sharoitida virus o‘lishi mumkinligi haqidagi fikrida hamon sobitligini aytdi. 

“Viruslarning quruq va issiq havoda o‘lishiga kelsak, bunga hech qanday isbotning keragi yo‘q. Buni isbotlagan laboratoriyalar bor. Endi biz masalaning ikkinchi tomoniga e’tibor beraylik. Biz virusning issiq va quruq havoda o‘lishiga qo‘yib berdikmi? Yo‘q. Biz uni qo‘lma-qo‘l qilib yubordik. Virus tashqi muhitda turishga bir muddat ham vaqt topolmadi. Biz ijtimoiy masofa saqlamaslik, niqoblardan foydalanmaslik, ehtiyot choralarini ko‘rmaslik natijasida virusning bir odamdan boshqa bir odamga o‘tishiga va tashqi muhitda nobud bo‘lishga ulgurmasidan ikkinchi odamning organizmiga tushishiga imkon yaratib berdik. 

O‘zi doim ham barcha turdagi viruslar uchun nam havoda, mo‘tadil iqlim, ya’ni haddan ortiq sovuq bo‘lmagan va haddan ortiq iliq bo‘lmagan havoda yashash qulay bo‘ladi. Bir narsani bilishimiz kerak: viruslar hujayra ichida yashaydigan parazit. Ular bir o‘zi havoda yurmaydi. U yo tupuk, yo so‘lak zarrachalari, yo yo‘talganda chiqadigan hujayralarning ichida yashaydigan parazit. Qachonki u yashaydigan muhit qurir ekan, namlik yo‘qolar ekan, virus nobud bo‘lishi muqarrar. Faqat biz uni o‘lgani qo‘ymadik. O‘lishga ulgurmasdan turib, u ikkinchi organizmga tushishga majbur bo‘ldi. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekistondagi vaziyatning hozirda barqaror bo‘lib turgani, ustiga ustak dunyoda kuniga 500 ming bemor qayd etilayotgan bir paytda kasallikning bu darajada ushlanib turilishi, qolaversa, 30 mingdan ko‘proq shifo o‘rinlari tayyorlab qo‘yilgan bir paytda uning bor-yo‘g‘i 800 ga yaqinining band ekani, bu O‘zbekistondagi ishlarning nechoqg‘lik samara bergani va to‘g‘ri yo‘l tutilganini isbotlovchi holatdir”, deydi Nurmat Otabekov. 


Maqola muallifi

Teglar

Nurmat Otabekov

Baholaganlar

269

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing