Musulmonlar idorasi Haj narxi nega oshganini ochiqladi
Jamiyat
−
05 iyun 2022
13800Xabaringiz bor, joriy yilda O‘zbekistonda bir nafar ziyoratchiga Haj safari uchun to‘lov miqdori 62 million 900 ming so‘m etib belgilandi va bu juda ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston musulmonlar idorasi ushbu holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Saudiya hukumati tomonidan Haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingan, shuningdek kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshgan.
Qolaversa, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to‘lovlar joriy etilgan. Shu bois dunyo mamlakatlari uchun Haj xizmatlari narxi o‘rtacha 40-45 foizga ko‘tarilgan.
Shuningdek, o‘zbekistonliklar joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida istiqomat qiladi. Aslida, mazkur mehmonxonalar lyuks darajasida xizmat ko‘rsatadigan mehmonxonalar sirasiga kiradi. Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida yashaydi.
“Ushbu mehmonxonalar yuqori sig‘imli ekani, muqaddas qadamjolarga yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Masalan, Makka shahridagi “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi barcha hojilarimizni bir vaqtda joylashtirish imkoniyatiga ega.
O‘zbekiston ziyoratchilarining safar davomiyligi ayrim qo‘shni davlatlar ziyoratchilari singari 14-17-20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, joriy haj mavsumida Saudiya hukumatining qaroriga asosan, barcha to‘lovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligining “Haj elektron portali” orqali belgilangan tartibda amalga oshirilgan. Ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud bo‘lib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu yerning o‘zida inson omilisiz shaffof holda amalga oshiriladi.
Joriy mavsumda mashoir (Mino, Arafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada ko‘tarildi. Shunday bo‘lsada, iqtisodiy paket olindi va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar ko‘rsatishga erishilgan.
Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan bo‘lsalar, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma to‘shaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasada, yurtimiz ziyoratchilari uchun Mino va Arafotda ham 3 mahal issiq ovqat beriladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Haj uchun to‘langan mablag‘ ichiga quyidagilar kiradi:
• Haj vizasi;
• Aviabilet;
• Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
• Madina shahrida “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonasi;
• Madina shahrida Uhud tog‘i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
• Makka shahrida “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi;
• Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
• 24 soat tibbiy xizmat;
• Hojilarning tibbiy sug‘urtasi;
• 24 soat transport xizmati;
• 3 mahal isiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
• Haj qo‘llanmasi;
• Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
• “Zamzam” suvi (5 litr);
• Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
• Madinai munavvaraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys;
• Qurbonlik.
“Yuqoridagilardan ham anglagan bo‘lsangiz, bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan.
Maqsad aniq – yurtdoshlarimizning haj amallarini ishonchli va xavfsiz tashkil etish hamda ibodatlari mukammal bo‘lishini ta’minlash”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda haj safari xarajatlari 33,3 million so‘mni tashkil qilgan.
LiveBarchasi