Muslim Magomayev xotirasiga haykal o‘rnatildi
Madaniyat-san’at
−
17 avgust 2022
12453Bugun, 17 avgust kuni Bakuda xonanda va bastakor, SSSR xalq artisti Muslim Magomayevning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan unga o‘rnatilgan haykal ochildi.
Kaspiy dengizi sohilidagi Milliy dengiz bo‘yi bog‘i hududida bronzadan yasalgan ikki metrli yodgorlik o‘rnatildi. Uning muallifi haykaltarosh Omar Eldarov.
Yodgorlikning ochilish marosimida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva, shuningdek, Magomayevning bevasi, opera xonandasi, SSSR xalq artisti Tamara Sinyavskaya ishtirok etdi.
Baku metrosida erta tongdan Magomayev qo‘shiqlari yangradi. Respublika jamoatchiligi vakillari Bakudagi Faxriylar xiyobonida ijrochi qabrini ziyorat qildi. Kechqurun ochiq osmon ostidagi Yashil teatrda xonandani xotirlash kechasi bo‘lib o‘tadi, unda nafaqat Ozarbayjondan, balki boshqa respublikalaridan ham taniqli ijrochilar ishtirok etadi.
Magomayev 1942 yil 17 avgustda Baku shahrida tug‘ilgan, Ozarbayjon davlat konservatoriyasini tamomlagan. O‘tgan asrning 60-yillari boshlarida u musiqiy hayotga kirib keldi.
U ko‘plab xorijiy mamlakatlar sahnalarida va deyarli barcha postsovet mamlakatlarida katta muvaffaqiyatli konsertlar bergan. Magomayev 31 yoshida “SSSR xalq artisti” unvonini olgan, bu sobiq SSSRda o‘ziga xos hodisa edi.
Xonanda 2008 yil 25 oktyabrda Moskvada vafot etdi. Bakudagi Faxriylar xiyoboniga dafn etilgan.
O‘zbekistonliklar uni “Sinyaya vechnost” qo‘shig‘i orqali yaxshi taniydi. Ushbu qo‘shiq o‘zbekistonlik bir qator xonandalar tomonidan ijro etilgan.
Ochilish marosimida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Jenisbek Piyazov ham ishtirok etgan.
LiveBarchasi