Mushtumzo‘r ota-onalardan farzandini olib qo‘yish taklif qilindi
Jamiyat
−
18 iyun 2022
8271Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Aliya Yanusova O‘zbekistonda bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabat va ota-onalik huquqini suiiste’mol qilish kabi holatlar ortib borayotganidan xavotir bildirib, ota-onalar o‘z farzandlariga zo‘ravonlik qilgan taqdirda jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, bolani ulardan olib qo‘yishni taklif qilmoqda. Bu haqda u o‘z bayonotida so‘z ochgan.
So‘zi avvalida kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video – Samarqand viloyatidagi shifoxonalardan birida ona o‘z farzandini ayamay urayotganiga baho bergan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati shifoxonalaridan birida sodir bo‘lgan voqea, ya’ni ona o‘z kasalmand bolasini ayovsiz kaltaklayotgani tasvirlangan video barchani larzaga soldi. Bu bizga ma’lum bo‘lgan holatlardan biri xalos. Lekin, to‘rt devor orasida yashirincha sodir bo‘layotgan holatlar ham bor ekanini barchamiz bilamiz. Afsuski, jamiyatda befarqlik kayfiyatining borligi sabab, bolalarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlik holatlariga qo‘l siltab, “menga nima” qabilida ish ko‘radiganlar ham yo‘q emas.
Mazkur Samarqand viloyatidagi shifoxonada sodir bo‘lgan holatni olsak, palatada ona boladan tashqari kamida ikki nafar shaxs bor edi. Ularning shovqinini kasalxona xodimlari va shifokorlar eshitishmadimi? Nega darhol bolani ona qo‘lidan tortib olib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilinmadi?”, deydi Bolalar ombudsmani.
U BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 19-moddasida ishtirokchi-davlatlar bolani jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikning, haqoratlash va suiiste’molliklar, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik yoki beparvolik bilan muomalada bo‘lish, qo‘pol muomala qilish yoki ota-ona, qonuniy vasiylar yoki bola haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi har qanday boshqa shaxs tomonidan ekspluatatsiya qilish, jumladan, shahvoniy suiiste’molliklar sodir etishning har qanday shakllaridan himoyalash maqsadida jamiki zarur qonuniy, ma’muriy, ijtimoiy va ma’rifiy chora-tadbirlarni ko‘rishi kerakligini eslatgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 10-11 moddalariga muvofiq, davlat bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshirishini qo‘shimcha qilgan.
Yunusovaning qayd etishicha, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.
“Bola ota-ona va ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste’molchilikdan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishlari shart. Shunday ma’lumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.
Amaldagi qonunchilikda shuncha normalar bo‘lishiga qaramay bolalar baribir aziyat chekishyapti. "Ota-onalar"ning zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yishi, farzandiga nisbatan qo‘pol va shafqatsiz muomala qilishlari – kechirib bo‘lmas xato. Har bir kishi qonunlar bilan belgilangan mas’uliyatini va majburiyatini zimmasiga olishga va uni bajarishga majbur.
Aks xolda davlat bolalarni zo‘ravonlik va kuch bilan “tarbiyalaydigan” ota-onalardan farzandini olib qo‘yish mexanizmini ishlab chiqishga majbur bo‘ladi. Bolalar ozor chekmasligi uchun Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu taklifni ilgari suradi va buni to‘g‘ri deb hisoblaydi”, deydi bolalar huquqlari faoli.
Eslatib o‘tamiz, joriy haftada ijtimoiy tarmoqlarda bir ayol chaqalog‘ini uxlamagani uchun ayovsiz kaltaklagani akst etgan video tarqalgandi. Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 14 iyun kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida sodir bo‘lgan.
Tumanning “Boshqo‘rg‘on” MFYda turmush o‘rtog‘i bilan yashab kelayotgan 1988 yilda tavallud topgan, ruhiy sog‘lom ayol 2020 yilda tug‘ilgan farzandini davolatish uchun shifoxonaga olib borganda u yerda stress va asabiy holatda farzandini urgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi "a, v" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi