“Mushtum” qaytdi. Partiya ochish bilan bog‘liq muammolar nishonga olindi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Qariyb 100 yillik tarixga ega bo‘lgan “Mushtum” jurnali faoliyati qayta tiklandi. “Senzura” va iqtisodiy inqiroz sabab bir necha yillar davomida chop etilmay kelgan jurnal yana matbuot do‘konlariga qaytdi. Faqat bor-yo‘g‘i 3000 adadda, xolos. 

Milliy matbuotning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan “Mushtum” jurnali so‘z va matbuot erkinligining haqiqiy namunasi sifatida bundan 98 yil avval maydonga kirib kelgan edi. 1923 yilda Abdulla Qodiriy va uning safdoshlari tomonidan asos solingan jurnal jamiyatdagi og‘riqli muammolar, ilmsizlik, korrupsiya, davlat boshqaruvidagi xato va kamchiliklar, siyosiy tuzum ustidan musht urishi, xalqning o‘y-xayollari, dardu tashvishlarini qog‘ozga qoralashi bilan juda tez tilga tushgan, qo‘lma qo‘l bo‘lib o‘qilgan edi. 

Asosan hajv, tanqid, ocherk, feleton janrlariga ixtisoslashgan jurnal keyingi yillarda “senzura” va uning ortidan kelgan iqtisodiy inqiroz oqibatida avvalgi e’tiborini yo‘qotdi. Jurnal sahifalarini tanqidiy materiallar va karikaturalar o‘rniga qarsakbozlik yo‘g‘rilgan maqolalar va qo‘rqa-pisa qoralangan nimarsalar egalladi. Oqibatda jurnal matbuot do‘konlarida chang bosib qolaverdi.  

“Mushtum”ning uzoq tanaffusdan keyingi ilk soni, albatta, uni mashhur qilgan sonlariga o‘xshamasa-da, haqiqiy “Mushtum”ni tiklashga bo‘lgan intilishlarni payqash qiyin emas. Albatta, matbuot va so‘z erkinligiga soya tushib turgudek bo‘lsa, “Mushtum”ning zarbi shapaloqdanda ta’sirsiz bo‘lib qolaveradi. 

Jurnalning ilk soni 3-betida e’lon qilingan “Yangi partiya” nomli hajv uning o‘z e’tiborini yana tiklashiga hali umid borligidan darak berayotgandek. Unda muallif mamlakatda yangi partiya tuzish bilan bog‘liq ro‘y bergan shov-shuvli voqealarni qalam orqali kulguga olgan. Mana, o‘sha hajviya: 

Afandidan bir odam, “Yangi partiya ochmoqchiman, ishni nimadan boshlasam ekan?” deb maslahat so‘rabdi. 

— Ob-bo og‘rimagan boshini og‘ritmoqchi bo‘lgan bo‘tam-yey! — debdi Afandi, — Buning kamida uchta sharti bor.

— Xo‘sh-xo‘sh?

— Birinchidan, eshakdek keladigan qopag‘on it boqishing kerak. Ikkinchidan, ota-onang o‘lgan bo‘lishi kerak. Uchinchidan, chet elda katalakdek bo‘lsa ham bitta uying bo‘lishi shart. 

Haligi odam Afandi hazillashyapti, desa, qiyofasi jiddiy. Shartlariga izoh so‘rabdi. 

— Birinchidan, — debdi Afandi, — Niyatingni xalqqa oshkor qilishing bilanoq umringda basharasini ko‘rmagan shallaqi erkagu ayollar yoqangdan bo‘g‘ib, seni itday talay boshlaydi. Qopag‘on iting seni o‘sha “it”lardan himoya qilish uchun kerak. 

Ikkinchidan ota-onang hayot bo‘lsa, “Bu yo‘lingdan qayt, bolam. Qaytmasang, norozimiz!”, deb har kuni internetga chiqaverib, joningdan to‘ydirishadi. 

Uchinchidan, partiya ocha olmasang, olaxurjuningni yelkangga tashlab, shartta chet eldagi uyingga ko‘chib ketaverasan-da, bo‘tam!..

Jurnalning uzoq tanaffusdan keyingi ilk soni taqdimot marosimida qayd etilishicha, hozircha “Mushtum” oyda bir marta chop etilishi belgilangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Mushtum

Baholaganlar

432

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing