Mursiyning foijaviy o‘limiga bir yil to‘ldi
Olam
−
18 iyun 2020
9621Kecha, 17 iyun kuni Misr arab Respublikasining sobiq Prezidenti Muhammad Mursiy vafot etganiga bir yil to‘ldi. 2019 yilning 17 iyun kuni dunyo musulmonlarini larzaga keltirgan xabar tarqaldi. Bu Muhammad Mursiy Qohiradagi sud zalida vafot etgani haqidagi xabar edi.
Sobiq davlat rahbari 67 yoshda edi. U o‘ziga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisida qatnasha turib hushidan ketgan va olamdan ko‘z yumgan.
Mursiy 2011-2013 yillarda Misr Prezidenti sifatida faoliyat yuritgan va mamlakatda vujudga kelgan notinch vaziyat, harbiylar tomonidan Hukumatga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘alonda hokimiyatdan ag‘darilgan.
U lavozimidan ag‘darilgach, josuslikda va Falastindagi HAMAS va Livandagi "Hizbulloh" terroristik tashkilotlari bilan aloqa qilganlikda ayblanib, jinoyat ishi ochildi.
Muhammad Mursiy mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan ilk Prezidenti sanalib, u islom dunyosida ham martabali yo‘lboshchilardan biri edi. Mursiyning hokimiyatdan kuch tizimlari sabab ag‘darilishi mamlakat aholisi orasida katta norozilikni keltirib chiqargan. Prezident lavozimini Mursiydan keyin Mudofaa vaziri sifatida faoliyat yuritgan Abdul-Fattoh Halil As-Sisi egalladi.
Misrda ro‘y bergan davlat to‘ntarishidan so‘ng, tinch aholi vakillari namoyishga chiqdi. Ular dunyo hamjamiyatining e’tiborini Misrga qaratish uchun namoyishlar timsoli sifatida qo‘lning to‘rt barmoqli ko‘rinishini tanladilar. Bu esa namoyishlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda ommalashtirildi.
Misrda sobiq Prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari namoyishi Robiya Al-Adaviya maydonida o‘tkazilgan. Robiya esa arab tilida “to‘rtinchi” degan ma’noni anglatadi. Mursiy esa mamlakatni boshqargan to‘rtinchi Prezident edi. Shu bois namoyishchilar bosh barmoqlarini bukib, qolganlarini ko‘targan holatda aksiya o‘tkazdilar. Internetda, xususan Twitter’da #R4BIA xeshteglari paydo bo‘ldi. Birgina Instagram’da esa ushbu heshteg bilan 100 minglab xabar qoldirilgan.
Robiya Al-Adaviya VIII asrda Yaqin sharqda, hozirgi Iroq va Suriya hududlarida yashagan bo‘lib, u oilada to‘rtinchi farzand bo‘lgan. Robiya tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri edi. Robiya bolaligini qullikda o‘tkazadi va qochoqlikdan so‘ng ozod bo‘ladi. U Misrda ozodlik timsoli sifatida tarixda qolgan va tasavvufda Robiya Adaviya yo‘nalishiga asos solgan.
O‘sha vaqtlarda Mursiyni qo‘llab-quvvatlab to‘rt barmoqli ishoradan foydalanganlar orasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham bo‘lgan. U keyinroq Mursiy o‘z ajali bilan o‘lmagani, aksincha, o‘ldirilganini aytib chiqdi.
“Mursiy o‘z o‘limi bilan o‘lmagan, uni o‘ldirishgan. Misrning demokratik saylangan prezidenti sud zalida 20 daqiqa yotgan va unga hech kim yordam ko‘rsatmagan”, degan edi Erdo‘g‘an.
2019 yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Misr arab Respublikasining sobiq Prezidenti Muhammad Mursiyning dafn marosimiga uning qarindoshlari kiritilmaganini qattiq qoralib chiqdi.
“Misrning saylov yo‘li bilan tanlangan Prezidenti Muhammad Mursiy sud zalida qiynalib vafot etishi va dafn marosimiga, hatto, oilasining qatnashishiga izn berilmagani – ichimizda qonagan bir yaradir”, degan Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
LiveBarchasi