Murod Rajabov endi kinoda suratga tushmaydimi? Aktyor uzoq tanaffusdan so‘ng ko‘rinish berdi
Madaniyat-san’at
−
09 yanvar 2023
42518O‘zbekiston kinematografiya agentligi xodimlari kecha, 8 yanvar kuni O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabovning xonadoniga borib, unga “Kinematografiya fidokori” ko‘krak nishonini topshirdi. Aktyor bir necha yillardan buyon kino va seriallarda ko‘rinish bermayotgan edi.
Jarayonda ishtirok etgan kinoshunos, jurnalist Shohira Hamro ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali jonli efirga chiqib, ko‘plab kino ixlosmandlarining salom va tabriklarini aktyorga yetkazdi. Aktyor esa kino haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Salom yo‘llayotgan barchani tani-joni sog‘ bo‘lsin. Men oddiy muxlislarimizni yaxshi ko‘raman, hurmat qilaman. Chunki bizning O‘zbekistonda ko‘pchilikka, ayniqsa, ayrim rahbarlarga teatr yoki kino bo‘ladimi, san’at kerak emas. Xalqning ichidagi tomoshabinlar tushunadi, biladi. Aynan tushunishi kerak bo‘lgan, haqiqiy san’atimizni xalqqa yetkazib berishi kerak bo‘lganlar, ko‘p narsani tushunishmaydi. Xalqimiz qayerda bo‘lmasin, yaxshi gaplar gapirishadi. Ana shuning uchun yashagingiz, ijod qilgingiz keladi”, deydi u.
Shuningdek, jonli efir kuzatuvchilari aktyorga “sizga yoqadigan ssenariy bo‘lsa, kinoda suratga tushasizmi”, degan savol yo‘lladi. Biroq u bu savolga salbiy javob qaytargan.
“Yo‘q-yo‘q, kinolarda suratga tushishga va boshqa intervyularga va’da bermayman. Xafa bo‘lmaysizlar. Bo‘ldi, endi bo‘yog‘iga yangi chiqayotganlar rol o‘ynasin, gapirsin. Men charchadim”, deydi aktyor.
Bugun, 9 yanvar kuni aktyor Alisher Uzoqov ham Murod Rajabovni yo‘qlab, Instagram'ga video qo‘ydi va ular birgalikda rejalar qilgani hamda tez orada suratga olish jarayonlari boshlanishini aytdi.
Qolaversa, bugun , 9 yanvar kuni Murod Rajabov o‘zining Instagram sahifasi orqali yana bir video murojaat bilan chiqish qildi va kechagi videodan so‘ng uni sog‘lig‘iga aloqador xabarlarga, “Xavotir olmanglar, men yaxshiman”, deya munosabat bildirdi va kino mavzusiga yana bir bor to‘xtaldi.
“Kino masalasida bir narsani tushuninglar. Endi, ha deb kinoda o‘ynayveradimi? Men kinoga 25 yoshimda chiqqanman. Shunaqa paytlar bo‘lgan, hech bo‘sh turmasdim. Kinoda, teatrda va reklamada suratga tushaverganman. Ana o‘sha paytda Murod Rajabov hamma yerda chiqaveradi, deb gapirishgan. Endi chiqmasam ham nimaga hech qayerda chiqmayapti, deyishyapti. San’atkor, artist nimasi bilan boy, u nima bilan maqtanadi? Faqat o‘z muxlislari bilan, hech qaysi san’atkor o‘z hayotini muxlislarsiz tasavvur qilolmaydi”, degan O‘zbekiston xalq artisti.
Ma’lumot o‘rnida, Murod Rajabov 1949 yilning 30 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkent san’at institutini tamomlagan aktyor faoliyati davomida o‘zbek xalqi uchun qadrdon bo‘lib qolgan, qator kinofilmlarda suratga tushgan. Jumladan, “Ajoyib xayolparast”, “To‘ylar muborak”, “Temir xotin”, “Temir erkak”, “Kichkina tabib”, “Ko‘zlaring ma’yus”, “Ulfatlar”, “Kelgindi kuyov”, “Xavfli burilish”, “Kechir”, “Super kelinchak”, “Ichkuyov”, “Kirakash” kabi filmlar bunga misol. Murod Rajabov 2008 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Kinematografiya fidokori” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan va unga oid nizom tasdiqlangan edi.
LiveBarchasi