JSST hukumatlarni tibbiyot xodimlari xavfsizligini oshirishga chaqirdi

Olam

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) jahon hamjamiyatini COVID-19 pandemiyasi sharoitida tibbiyot xodimlarini himoya qilishni yaxshilashga chaqirdi. Bugun, 17 sentyabr kuni Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan chop etilgan tibbiyot xodimlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi Xartiyada ushbu sohada hukumatlar tomonidan qabul qilinishi taklif qilingan choralar ko‘rsatilgan.

"COVID-19 pandemiyasi barchamizga sog‘liqni saqlash xodimlarining dardni yengillashtirish va hayotni saqlab qolishdagi muhim rolini eslatdi. Agar tibbiyot xodimlari xavfsiz bo‘lmasa, hech bir mamlakat, shifoxona yoki klinika bemorlar xavfsizligini ta’minlay olmaydi”, deydi JSST Bosh direktori Tedros Adan.

Bosh direktorning so‘zlariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ilgari surilayotgan "Tibbiyot xodimlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi nizom" sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari uchun xavfsiz ish muhitini ta’minlashda va "o‘qitish, ularga haq to‘lash va hurmat ko‘rsatishda" bir qadam tashlanganligini anglatadi. 

Shu munosabat bilan JSST koronavirus pandemiyasi "sog‘liqni saqlash xodimlari va ularning oilalarini misli ko‘rilmagan xavf ostiga qo‘yishiga" e’tibor qaratdi. Tashkilotning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlari orasida COVID-19 bilan kasallanish "umumiy aholiga nisbatan ancha yuqori". Ko‘pgina mamlakatlarda sog‘liqni saqlash xodimlari aholining 3 foizidan kamrog‘ini tashkil qilsa, ba’zi hollarda infeksiya yuqtirib olganlarning 14 foizini tibbiyot xodimlari tashkil etmoqda. "Jahon miqyosida COVID-19 bilan kasallangan minglab sog‘liqni saqlash xodimlari vafot etdi",  deydi JSST. 

Shu munosabat bilan tashkilot Xartiyada hukumatni shifokorlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha bir qator shoshilinch choralarni ko‘rishga chaqirmoqda. Xususan, tibbiyot xodimlari va bemorlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha strategiyalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni takomillashtirish, tibbiyot xodimlarining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha milliy dasturlarni ishlab chiqish, ish joylarida zo‘ravonlikdan himoya qilishni ta’minlash, psixologik muhitni yaxshilash, shuningdek, "jismoniy va biologik xavf-xatarlardan" himoya qilish taklif etilmoqda. Xartiyaning nashr etilishi 17 sentyabrda nishonlanadigan Butunjahon bemorlarning xavfsizligi kuniga to‘g‘ri keldi. "Tibbiy xodimlarning xavfsizligi –bemorlarning xavfsizligi uchun ustuvor vazifadir" degan shior bu yilning asosiy mavzusi bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

JSST

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing