Mumbayliklarga mashina emas, qayiq kerak bo‘lyapti
Olam
−
06 iyul 2022
5018Hindistonning Mumbay shahri va unga yaqin hududlarda kuchli yomg‘ir millionlab odamlarning hayotini izdan chiqarmoqda. To‘xtovsiz yog‘ingarchilik sababli shaharning ko‘p qismi belgacha bo‘lgan suv ostida qolmoqda.
"The Indian Express" malumotlariga ko‘ra, ko‘pgina hududlarda shaharlararo poyezdlar to‘xtab qolgan. Mumbay transport tizimining asosiy tarmog‘i buzilgan.
Hindiston Meteorologiya Departamentining xabar berishicha, Mumbay yana nam kunning guvohi bo‘lishi mumkin. Keyingi 24 soat ichida aholi yashash joylarida juda kuchli yomg‘ir yog‘ishi haqida ma’lumot berilgan.
Shuningdek, Hindmata kabi ba’zi past joylar, Dadar va Sion hududlari, jumladan, Gandi bozori va Siondagi 24 yo‘l suv ostida qolgan. Bu piyodalarni suvdan yurishga majbur qilyapti va avtomobil haydovchilarning harakatlanishini qiyinlashtirmoqda.
“Sion, Matunga, Dadarda toshqin. Ishga borish uchun mashina o‘rniga qayiq kerak”, deb yozgan shahar aholisidan biri Twitter’da.
Ma’lumotlarga ko‘ra, suv toshqini xavfi bor hududlardan 3500 kishi boshqa joyga ko‘chirilgan.
Maxarashtra shtatida yilning shu vaqtida musson yomg‘irlari tez-tez uchraydi. Bu odamlar hayotida muhim o‘rin tutadi va o‘z mahsulotlarini yetishtirish uchun yomg‘irga tayanadigan millionlab fermerlarning boyligini shakllantiradi.
Muhayyoxon Habibullayeva
LiveBarchasi