“Muxolifi yo‘q siyosat kuchsizdir”. Siyosatshunos Hamid Sodiq bilan senzurasiz suhbat

Intervyu

“Hokimiyat o‘z yolg‘onlari asiridir va shuning uchun ham u soxtakorlikka ehtiyoj sezadi. O‘tmishni soxtalashtiradi. Bugunni, kelajakni va statistikani qalbakilashtiradi. U o‘zini qudratli va zo‘ravon politsiya apparati mavjud emasday tutadi. Inson huquqlariga rioya etayotganini surbetlarcha ta’kidlaydi. Munofiqlikni – munofiqlik ortiga yashiradi”. Ushbu so‘zlar Vatslav Gavelning “Kuchsizlar kuchi” asaridan parcha edi. 

2021 yilda “Kuchsizlar kuchi” kitobi siyosatshunos Hamid Sodiq tomonidan tarjima qilinib, omma e’tiboriga taqdim etildi. Asarda juda nozik masalalar ko‘tarilgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. “Kuchsizlar kuchi” asarini tarjima qilishda siyosatshunosga bosimlar bo‘ldimi? Kuchsizlarning kuchi nimada? Bu kitob o‘quvchiga nima beradi? Bugun O‘zbekiston jamiyatining siyosiy tafakkuri qay ahvolda? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida QALAMPIR.UZ siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbatlashdi.

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Sardor Ali Nurmatov, muxbir: — “Kuchsizlar kuchi” – bu siyosiy kitob. Unda juda nozik masalalar ko‘tarilgan. Kitobni tarjima qilish yoki nashr etish jarayonida sizga nisbatan siyosiy bosimlar bo‘lmadimi?

Hamid Sodiq, siyosatshunos, O‘zMU dotsenti: — Sardor Ali siyosatda “Damokl qilichi” degan tushuncha bor. U miloddan avvalgi IV asrda Sirakuzada paydo bo‘lgan. Sirakuzalik podshoh Tiran davlatni juda qattiqqo‘llik bilan boshqargan. Uning Damokl degan sarkardasi bor edi. Damokl Tiranning o‘rnini egallashni maqsad qiladi. Tiran esa buni sezib qoladi. Bir kuni Tiran sarkardasi Damoklni qirolning kiyimlarini kiydirib, taxtga o‘tkazadi. Damokl taxtga o‘tirib, shundoq yuqorisiga qarasa, otning bitta yoliga bog‘langan katta qilich turganini ko‘rib, qo‘rqib ketadi. Shu voqeadan “Damokl qilichi” degan tushuncha paydo bo‘lgan. Ya’ni davlatni qattiqqo‘llik bilan boshqaradigan diktatorlar yoki avtokratlarning tepasida otning bitta yoliga osilgan “Damokl qilichi” turadi. Qilich qachon uzilib ketishini bilib bo‘lmaydi. Ya’ni diktator o‘z qilichi bilan o‘ldiriladi. Diktator va avtokratda ham qo‘rquv bo‘ladi. “Damokl qilichi”ning ikkinchi tushunchasi bor, bu jamiyatdagi odamlarning ham tepasida otning bitta yoliga bog‘langan “Damokl qilichi” turadi degani ma’noni beradi. Qilich qachon uzilib ketishini hech kim bilmaydi. Bu esa o‘z navbatida qo‘rquvni yoki senzurani vujudga keltiradi.

O‘zbekistonda birinchi ma’muriyat davrida jamiyatni qo‘rquv bilan boshqarish juda kuchli edi va odamlar ham apolitik bo‘lib qolgandi. Chunki jamiyatda boshiga qilich tushganlarni yaqqol ko‘rish mumkin edi. 

Kitobni nashr etish jarayonida hech qanday bosimlar bo‘lmadi. Bugun “Damokl qilichi” tushirilgan. Chunki siyosiy kitoblardan “1984”, “Ajib dunyo”, “Biz” tarjima qilindi. Ma’lumot o‘rnida aytib ketay, Jorj Oruellning “1984” kitobi SSSR davrida maxfiy raqam bilan KGB xodimlarining seyflarida saqlangan. Agar “1984” kimning uyidan chiqadigan bo‘lsa, unga davlat xoini deb qattiq jazo berilgan. Hatto, bu kitob katta-katta generallarning seyfida turgan. Chunki bu kitob SSSRni yoki totalitar boshqaruvning mohiyatini ochib bergan. Shuning uchun jamiyatga bu kitobni o‘qish taqiqlangan edi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, “Kuchsizlar kuchi” asarini tarjima qilishda kuch ishlatar tizim tomonidan hech qanday bosim bo‘lmadi. Bu davlat tomonidan senzuraning yo‘qligini ko‘rsatadi.

S.N.: — Demak bugun “Damokl qilichi” tushgan?!

H.S.: — Bu masalada shunday. Lekin tushganmi, tushmaganmi biz buni ayta olmaymiz, keyinchalik ham chaqirib qolishi mumkin. Endi qo‘rquvning ikkinchi tomoni bor: bu bizning ongimizda saqlanib qolgan qo‘rquv. Ya’ni birinchi qo‘rquv beradigan tarafda tazyiq yo‘q. Lekin oldingi tarixda berilgan tazyiqlar insonning ongida saqlanib qoladi. “Kuchsizlar kuchi”ni uchta nashriyotga taklif qilib ko‘rdik. Lekin ular bu kitobni chiqara olmaymiz deyishdi. 

Hozirgi ma’muriyat tushundiki, jamiyatda erkin fikrlashni vujudga keltirmaydigan bo‘lsa, siyosiy tafakkur rivojlanmasa siyosiy elita shakllanmaydi. Karabuenko degan olim bor. U siyosiy elitar qatlamni o‘rganadi. Karabuenko aytadiki, “agar elitar qatlam besh foizdan tushib ketsa, jamiyat qulay boshlaydi”.

S.N.: — Albatta, kuchli siyosiy shaxslar bo‘lmasa, davlat orqaga ketadi...

H.S.: — Jadidlar bizning elitar qatlam edi. Ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismonan yo‘q qilinishi shunga bog‘liq. Chunki ular fikr beradigan va fikrni urchitadigan insonlar bo‘lgan.

S.N.: — Demak, jamiyatni ko‘zini ochuvchi insonlar yo‘q qilinsa, jamiyat hassasini yo‘qotgan ko‘rga o‘xshab qoladimi?

H.S.: — Xuddi shunday. Jamiyatning elitar qatlami besh foizdan tushib ketsa, inqiroz bo‘ladi. Menimcha, hozirgi ma’muriyat buni tushunib yetmoqda. Bizda hokimiyatning ustunlariga ta’sir ko‘rsatadigan darajadagi siyosiy uyg‘oqlik hali yo‘q. Buning kurtaklari endi paydo bo‘lmoqda. Aslida davlat bilan ta’sirlanishning muammo tarafi yo‘q. Rivojlanish bu konfliktli jarayon. Mendan ko‘p eshitasiz bu gapni. Davlatda ma’lum bir sub’ektlar yetishib kelayotganda, hamisha konflikt vujudga keladi. Demak, bunga tayyor bo‘lish kerak. Konfliktlar davlatni ham, siyosiy shaxslarni ham rivojlantiradi.

S.N.: — Kuchsizlarning kuchi nimada?

H.S.: — Kuchsizlarning kuchi bu – haq hayotdan ajralmaslikda. 

S.N.: — O‘zi kuchsizlar deganda kimlar nazarda tutilgan?

H.S.: — Kuchsizlar deganda siyosatdan uzib qo‘yilganlar nazarda tutilgan. Hozirdan misol keltiradigan bo‘lsak, bizga monopoliya kerakmi? Mana shu masalada xalqning fikri inobatga olinganda, monopoliyalar bo‘lmas edi. Ya’ni juda katta siyosiy sub’ekt bor. Uning nomi – davlat. Toms Gobs uni “liviya fan” yoki “suv maxluqi” deydi. Davlatning asosiy belgilaridan biri bu kuch ishlatishni o‘ziga monopoliya qilib oladi. Bu normal holat. Chunki barcha davlat kuch ishlatishni monopoliya qiladi. Lekin mana shu monopoliyasi kengayib ketadigan bo‘lsa, jamiyat a’zolarini siyosatdan chetlashtirib tashlaydi. Chetlashtirilganlar esa kuchsizlar hisoblanadi. Vatslav Gavel “Qo‘lida yirik armiyasi, maxsus xizmati bo‘lgan katta bir siyosiy sub’ektga qanday ta’sir ko‘rsatish mumkin?”, kabi oddiy savollarga javobni kitobga tushirgan. “Kuchsizlar kuchi” – siyosiy falsafiy kitob. Bu kitobni ma’lum huquqiy davlatga oid bilimlari bo‘lmagan odam tushunmaydi. “Kuchsizlar kuchi” jamiyatning elitar qatlamini tarbiyalaydigan kitob hisoblanadi.

S.N.: — Kitobning kirish qismida “dekompressiya” jarayoni haqida so‘z ketadi. Shu jarayon haqida batafsil tushuntirib bersangiz.

H.S.: — Sardor Ali “dekompressiya” ilmiy tushuncha emas. Buni birinchi marotaba men kitobning kirish qismida qo‘llaganman. Bu kitobdagi jarayonni daqiq ochib berish uchun qo‘llanilgan. “Dekompressiya” bu tibbiyotga oid tushuncha hisoblanadi. Ma’lum bir metrlarga sho‘ng‘igan g‘avvosning yuqoriga to‘g‘ri chiqish jarayoni “dekompressiya” deyiladi. Agar suv tubidan noto‘g‘ri chiqiladigan bo‘lsa, g‘avvosning qonida kislorod ko‘payib ketadi. Bu esa yurakni yorishi mumkin. Endi mana shu tushunchani siyosiy dekompressiya deb nazarda tutdik. Ya’ni ma’lum kommunistik yoki qattiq mafkuralar tubiga tushib qolgan xalqlar, o‘sha siyosiy dekompressiya shartlariga rioya qilishi kerak. Agar bu shartlarga amal qilinmaydigan bo‘lsa, jamiyat o‘lib qolmaydi. Lekin yomon mafkura ta’siridan chiqa olmaydi. 20-30 yillar davomida ta’sir qilaveradi. Hozir ham biz SSSRning tazyiqlarini sezaveramiz. Vatslav Gavel “Kuchsizlar kuchi” asarini o‘z xalqi siyosiy dekompressiya jarayonidan to‘g‘ri chiqishi uchun yozgan.

S.N.: — Hamid aka O‘zbekistonda ham siyosiy dekompressiya jarayoni kechmoqda. Bunga siz qanday baho berasiz?

H.S.: — To‘g‘ri aytasiz, O‘zbekistonda siyosiy dekompressiya jarayoni ketmoqda. Lekin ilmiy asoslangan emas. Nima uchun? Chunki akademik qatlam bu jarayonda qatnashmayapti. Siyosiy dekompressiya jarayonidan to‘g‘ri chiqib ketishimiz uchun butun jamiyat harakat qilishi kerak. Ularning oldida olimlar turushi lozim. Olimlar bo‘lganida ham siyosatshunos olimlar bo‘lishi zarur. Men boshida bu kitobni tarjima qilishni bir nechta olimlarga taklif qilib ko‘rdim. Biroq ko‘pchilikka tanish olimlarimiz bu jarayonga bosh qo‘shishni istamadi.

O‘zbekistondagi siyosiy dekompressiya jarayoniga baho berganda, o‘n baldan uch qo‘yish mumkin. Bu ko‘rsatkich Shavkat Mirziyoyev davrida o‘smoqda. O‘sishini nimada ko‘rish mumkin? So‘z erkinligi bor. Turli xil siyosiy klassik asarlar tarjima qilinishi dekompressiya jarayonining ketayotganini ko‘rsatadi. Lekin bu tub dekompressiya emas. Ilmiy izlanishlar olib borilishi kerak. Olimlar qo‘rqmasdan maqolalar yozishi zarur. Ilmiy tanqidlar qilish lozim. Shu bilan birga, asosiysi, xalqni tayyorlash kerak.

O‘zbekiston xalqining siyosat bilan bog‘liq mafkuraviy fikrlashi Rossiyaning axborot doirasi ichida yotadi. Joylardan Rossiya kanallarining ta’siri kuchli. Misol uchun Xorazmda ko‘plar Rossiya kanallarini tomosha qiladi. Ularning tafakkuri mana shu kanallar bilan shakllangan. Bu dekompressiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

S.N.: — Nega O‘zbekistonda siyosatshunos olimlar o‘z fikrini bildirishdan yoki intervyu berishdan qochadi? Ko‘plab doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan siyosatshunos olimlarimiz bor. Nega ular O‘zbekistonda bo‘layotgan siyosiy jarayonlarga aralashmaydi? Bunga taqiq bormi?

H.S.: — Kitobda mafkura ta’siridagi insonlar voqelikdan ajralib qoladi deyilgan. Ya’ni insonlar real hayotdan ajratib qo‘yiladi va ular xayoliy hududda yashaydi. Ular real hayotga kirishdan qo‘rqadi. Chunki real hayot – bu sinovlar dunyosi. Bu normal holat. 

“Avtoritar davlatlarda xalqning elitar qatlami deganda kimni tushunamiz”, degan savol bor. Bu birinchidan, oliy ma’lumotlilar qatlami. Ikkinchidan, ilmlilar qatlami. Nima uchun ularni elitar qatlam deymiz? Chunki ular davlatning asil mohiyatini tushib yetadi. Elitar qatlam davlatda nima bo‘layotganini yaxshi tushunadi.

Elitar qatlam – bu davlatdagi jarayonlarni tushunadigan va tushuntira oladigan insonlar. Ya’ni bir elitar qatlam vakili millionlab odamlar oldiga chiqib, ularning tilida shunday-shunday qilishimiz kerak desa, bevosita ular buni bajarishga kirishadi. Bu esa avtoritar hukumatga bosim o‘tkazadi. Buni davlat biladi va shuning uchun elitar qatlam vakillariga bosim o‘tkazadi. “Tushuntirma, boshing ketadi”, deb qo‘rqitadi. Ko‘proq birinchi ma’muriyat davrida shunday edi. 

Ikkinchi uslub elitar qatlam vakillarini qo‘rqitmaydi, bosim qilmaydi, lekin katta oylik beradi. Shundan so‘ng, elitar vakillar katta oylikni yo‘qotishdan qo‘rqib, jamiyatdagi ishlarga aralashmaydi. “Haqiqatni ayta olmagan professorga berilgan oylik – poradir!” Chunki uning og‘zini million-million pul bilan moylab qo‘yishmoqda. Ustiga ustak bu pullar siyosiy aktlarning puli emas, xalqning puli.

S.N.: — Misol uchun davlat olimlarga katta oylik berib, xalqni mana bunday yo‘ldan olib bor, mana bunday tushuntir deb o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi ham mumkinmi?

H.S.: — Mumkin. Asosiy masala shunda. Oylikni katta qilib qo‘ysangiz, hech narsa deyish shart emas, o‘zlari tushunib yetadi. Chunki ularning siyosiy ongi bor. 

Siz dissertatsiyalar qayerga ketayapti deyishingiz mumkin. Dissertatsiya yoki yozilgan maqola loyallik hujjati. Avtoritar davlatlarda berilgan har qanday diplom bilim uchun emas, loyallik uchun beriladi. Ya’ni sizga diplom berildimi, demak siz loyal ekaningizni isbotladingiz. Loyal degani rejim belgilagan chegaradan chiqmaysiz. Hokimiyat nima desa ho‘p deysiz, hatto, professor bo‘lsangiz ham buning farqi yo‘q.

S.N.: — Kitobda shunday yoziladi:

“Posttotalitar jamiyatlarda siyosiy (o‘zining sof an’anaviy ma’nosida) hayot yo‘q qilinadi; insonlar siyosiy fikrini ochiq bildirishdan mahrum qilinadi, siyosiy birlashishni, hatto, gapirishning ham hojati yo‘q. Buning oqibatida yuzaga kelgan siyosiy bo‘shliq esa mafkuraviy rituallar bilan to‘ldiriladi”. Rituallar deganda muallif nimani nazarda tutgan?

H.S.: — Bir narsani esingizdan chiqarmang! Siyosiy ma’noda haqiqiy hayotdan ajratilgan har qanday harakat – rituallar bo‘ladi. Masalan, saylov haqiqiy hayotdan uzilgan bo‘lsa, borib rituallarni bajarib kelasiz. Rituallarni ko‘proq shiorlarda ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” yoki “Butun jahon proletarlari birlashingiz”. Mana shu rituallar orqali insonlar manipulyatsiya qilinadi. Bu “Kuchsizlar kuchi” asarida yozilgan.

Qachonki real hayot hisobga olinmas ekan, siyosatda ishtirok etish bo‘lmaydi. Real hayotga bog‘lab turadigan vatandoshlar bo‘lishi kerak. Vatandoshning asosiy belgisi u real hayotdan uzilmagan bo‘ladi. Haqiqiy vatandosh har qanday yolg‘onga yo‘l qo‘yib bermaydi. Vatandosh doktorlik uchun dissertatsiya yoqlamaydi, u mashhur bo‘lish uchun intervyu bermaydi. Haqiqiy vatandosh jamiyatdagi muammolarga ichi achiydi va bu narsalarga o‘zini qurbon qila oladi. Mana shu narsalar hokimiyatni haqiqiy hayotga bog‘lab turadi. Aslida hokimiyat xalqdan qochmoqchi bo‘ladi. Bu narsa uning tabiatida bor. Unga ta’sir ko‘rsatadigan fuqarolik jamiyati. Hokimiyat fuqarolik jamiyati bilan raqobatlashib rivojlanadi. Yana bir narsa, akademik qatlamdan xafa bo‘lish kerak emas, chunki tizim bizni shunaqa qilib tashlagan.

S.N.: — Muxolifat tushunchasiga to‘xtalsak. Shu so‘zni eshitgach, odamning xayoliga avtomatik tarzda hokimiyatga qarshi siyosiy guruh ko‘z oldimizga keladi. G‘arb dunyosida esa bunday emas. Aslida muxolifat qanday bo‘lishi kerak, uning vazifasi nimadan iborat?

H.S.: — Hozir bir kitobni tarjima qilayotgan edik. Bu Yulo Vooglayd “Vatandoshlik dasturi” kitobi. Yulo Vooglayd o‘z kitobida siyosatga nima kuch beradi, deb savol qo‘yadi. Siyosat kuchni alternativdan oladi. Alternativ bu muxolifat. Misol uchun bir kuchli siyosatchi bor, u siyosatshunoslik masalasida menga muxolif. Agar men noto‘g‘ri gapirsam, “Hamid, sen noto‘g‘ri gapiryapsan”, deydi. Siyosatga muxolif kuch beradi. Muxolifi yo‘q siyosat – kuchsizdir.

S.N.: — Diktatura va demokratiya hukmron mamlakatlarda mafkura qanday bo‘ladi?

H.S.: — Totalitar va avtoritar davlatlardagi mafkura o‘rtasida farq bor. Totalitar mamlakatlarda davlat mafkurasi sifatida yagona mafkura o‘rnatiladi. Ya’ni bitta mafkura bo‘ladi, boshqa mafkuraga yo‘l bermaydi. Hatto, jinoiy javobgarlik bor. Bugungi kunda bunday yagona davlat Shimoliy Koreya. Shimoliy Koreyadan boshqa totalitar davlat yo‘q. Bor bo‘lsa ham boshqalari u darajada emas. Shimoliy Koreyada “Chuchxe” degan mafkura bor. “Chuchxe” bu ham din, ham mafkura, ham siyosat, ham tarix hisoblanadi. Agar u yerga borsangiz matematika faniga ham o‘sha “Chuchxe” singdirilgan. Eng kuchli matematik Kim Chen Inlarning kattasi. Ya’ni millatning otasi eng zo‘r matematik, eng zo‘r jangchi, eng zo‘r iqtisodchi hammasi o‘sha. Hatto, u Xudo darajasiga ko‘tarilgan. 

Avtoritar rejimda kundalik mafkura bo‘ladi. Masalan bir kun korrupsiyaga qarshi kurashish kuni. Ikkinchi kun aholiga yordam berish kuni. Shunday turli xil mafkuralar aylanaveradi. Avtoritar davlatlarda sof yangi fikrni topa olmaysiz. Bu asosiy farqi. Totalitar davlatlar dunyoga o‘zini ochiq namoyish etadi. Lekin avtoritar mamlakatlarda fasad demokratik bo‘ladi. Ya’ni avtoritar rejimda demokratiyaning barcha institutlari mavjud bo‘lib, ular mohiyatdan uzilgan bo‘ladi. Ishlamaydi! Faqat ko‘rinish demokratik. Uzoqdan qarasangiz e’tiroz bildira olmaysiz. Davlatning ichida yashab turib ham muammo nimada ekanligini tushunmaysiz. Hamma narsa bor, nega rivojlanmayapmiz? Buni tushuntirish uchun haqiqiy hayotdan uzilmaslik kerak, siyosiy bilimlar zarur.

S.N.: — O‘zbekistonda ham siyosatchilar o‘qitiladigan OTMlar bor. Ular erkinmi yoki “ramka”ga solinmaganmi?

H.S.: — Islom Karimov davrida siyosatshunoslik fani yopilgan edi. Milliy universitetda siyosatshunoslik degan alohida yo‘nalish bo‘lgan. Keyinchalik sekin asta bu fan tugatildi. O‘rniga o‘rinbosar fanlar qo‘yildi. Hatto, siyosatshunoslik fanining predmeti yo‘q deb topildi. Har qanday fanning predmeti bo‘ladi, ya’ni siyosatshunoslar tayyorlash to‘liq to‘xtatildi. Mana shu davrgacha barcha ijtimoiy fanlar siqib kelindi. Hatto, huquqshunoslik o‘rinlari qisqartirildi. Lekin yangi ma’muriyat hokimiyatga kelgach, siyosatshunoslik yo‘nalishlari ochildi. Ko‘z tegmasin siyosatshunoslik  yo‘nalishi Milliy universitetida, Sharqshunoslik universitetida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida va Jurnalistika universitetida ham ochildi. Bu zo‘r! Adashmasam, davlat hokimiyatga kuch beradigan balansni tarbiyalamoqchi. Chunki elitar qatlamsiz, siyosatshunoslarsiz rivojlanib bo‘lmaydi. Lekin bu konfliktli jarayon.  Davlat ham “konfliktga tayyormiz, kelinglar, davlatni rivojlantiraylik” degan “messej” bermoqda. 

S.N.: — Demak davlat ham tushunib yetgan?!

H.S.: — Shunaqa deb yaxshi gumon qilamiz. Qaytmasin! Chunki qachon orqaga qaytishini bilib bo‘lmaydi. Nima uchun bu narsani aytyapman? Hozir (juda katta ehtimol bilan) bu davlat rahbarining shaxsiy irodasi bilan to‘xtatilib turibdi. Bitta odamning shaxsiy irodasi kamlik qiladi. Bitta odamning fikri o‘zgarib ketsa, kuch ishlatar tuzumlar tayyor. Bu narsa bitta odamning irodasiga bog‘lanishi kerak emas. Xalqda ham ortga qaytmaydigan institutlar shakllanishi kerak. Vaqti kelib o‘sha odamning o‘zi xursand bo‘ladi. 

S.N.: — Kuzatuvchilarga siyosiy ongni oshirishga yordam beradigan qanday kitoblarni tavsiya berasiz?

H.S.: — Bu jarayon kitob o‘qishdan boshlanmaydi. Jamiyatda g‘ami bo‘lsin. Ya’ni g‘am bizni haqiqiy hayotga bog‘laydi, shuningdek o‘qishimiz kerak bo‘lgan kitoblarni ko‘rsatadi. Siz jurnalistikaga oid bilimlarni olgan saringiz, siyosiylashib borasiz. Asta-asta jamoatchilik sizni tanib, sizga murojaat qila boshlaydi. Bu esa sizni yuqoriga ko‘taradi. Shu darajaga yetasizki, bitta fikringiz ko‘pchilikka ta’sir ko‘rsatadigan bo‘ladi. Bu sizning fikringiz siyosiylashganini bildiradi. Ya’ni ommaga ta’sir ko‘rsatdimi, demak davlat ham sizga e’tibor beradi. Davlatga ta’sir ko‘rsatgan hamma narsa siyosiy hisoblanadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Hamid Sodiq

Baholaganlar

134

Reyting

4.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing