Muxolifat Armaniston Hukumati va Bosh prokuratura binolarini to‘sib qo‘ydi
Olam
−
22 dekabr 2020
3918Bugun, 22 dekabr kuni Armaniston poytaxti Yerevanda muxolifatning “Vatanni qutqarish harakati” chaqirig‘idan keyin yuzlab faollar Armaniston Hukumati va Bosh prokuraturasi binolarini to‘sib qo‘yishni boshladi. Bu haqda voqea joyidan TASS muxbiri xabar berdi.
“Nikolsiz Armaniston! Nikol ketishi kerak!”, deya xitob qilmoqda faollar.
Ayni paytda Hukumat binosi joylashgan Respublika maydonida vaziyat keskin, politsiya navbatchilik qilmoqda. Shuningdek, bir guruh muxolifatchilar Vazgen Sarkisyan ko‘chasidagi Hukumat binosini to‘sib qo‘ygan, u yerda qator idoralar, shu jumladan respublika Tashqi ishlar vazirligi joylashgan.
Avvalroq “Vatanni qutqarish harakati”ni tuzgan Armanistonning o‘n yetti muxolifat partiyasi Respublika maydonidagi Hukumat binosi oldida Bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilib miting boshlagani haqida xabar berilgan edi. Mitingda bir necha ming kishi qatnashmoqda.
“Nikol Pashinyan iste’foga chiqishi kerak. U urushni boshlash uchun hamma narsani qildi. U bizning yerimizni topshirishda, shuningdek, yigitlarimizning o‘limida aybdor”, deydi jurnalistlarga Armaniston parlamenti spikerining sobiq o‘rinbosari Eduard Sharmazanov.
Muxolifat Pashinyan tomonidan joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan imzolangan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni aslida taslim bo‘lish, deb hisoblamoqda. Armaniston Bosh vazirining muxoliflari ham uni Respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy muammolarida ayblashadi.
Mamlakatdagi mavjud vaziyat fonida Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi. Pashinyan o‘zi iste’foga chiqmasligini e’lon qilmoqda, unga ko‘ra, har qanday Hukumat o‘zgarishi faqat saylovlar orqali amalga oshirilishi kerak. Shu bilan birga, uning bir nechta tarafdorlari allaqachon muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini istisno qilmasliklarini bildirgan.
LiveBarchasi