Muftiy bosar-tusarini bilmay qolgan 4 nafar imomni ishdan oldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov raisligida o‘tgan yig‘ilishda respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblaridan 4 nafari ishdan olindi. Bu haqda diniy idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilish juda keskin va tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan hamda joriy yilning o‘tgan davrida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilingan.

Majlisda ayrim imom-domlalar bosar-tusarini bilmay qolgani, amaldagi qonun talablarini mensimayotgani va mo‘min-musulmonlarning bo‘linishiga sababchi bo‘layotgani diniy sohaga katta dog‘ ekani afsus bilan ta’kidlangan.

“O‘z vazifasiga vijdonan yondashmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirishda jiddiy harakat qilmagan va imomlik maqomiga munosib bo‘lmagan 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olindi va 1 nafariga “hayfsan” intizomiy jazosi berildi”, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarida.

Quyidagi imomlar egallab turgan vazifasidan ozod etilgan:

Surxondaryo viloyati Termiz tumani bosh imomi Ochilov Yahyo;

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani bosh imomi Mamatqulov Mamayusuf;

Andijon viloyati Shahrixon tumani bosh imomi Turg‘unov Izzatulloh;

Toshkent shahar Sergeli tumani bosh imomi Axbutayev Eshmurod.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati So‘x tumani bosh imomi Vohidjon Kamolovga intizomiy chora ko‘rilgan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu yilning 8 oyi davomida ish faoliyatidagi xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noibi va 2 nafar viloyat muhtasib vazifasidan ozod etilgani, shuningdek, 19 nafar imom-xatib va imom noibiga “hayfsan” intizomiy chorasi berilgani alohida urg‘ulangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi “Aziz ota” jome masjidi imom noibi Mirsobit Vohidov fuqarolarni “samosud” qilishga undovchi videosi sababli ishdan olingandi.

Bilol Norqobilov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1965

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing