Sudning talabini bajarmagan fuqaro 5 yilga qamaldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 27 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 1971 yilda tug‘ilgan Tulkun Astanovga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Sud Tulkun Astanovga 2019 yilning oktyabr oyida belgilangan sinov muddatini bekor qilib, uni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar bermoqda

Gap shundaki, sudda Uchtepa tuman IIOFMB probatsiya guruhining Tulkun Astanovga nisbatan taqdimnomasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi 2019 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi JKning 2441-moddasida ko‘rsatilgan jinoiy qilmishlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan. Biroq, insonparvarlik prinsiplaridan kelib chiqib, tayinlangan jazo shartliga o‘zgartirilib, unga nisbatan 2 yil sinov muddati belgilangan edi. Qonunchilikka muvofiq, sud Tulkun Astanovga Toshkent shahri hududini tark etmaslik majburiyati yuklangan.

Sudda Uchtepa tuman IIOFMB probatsiya guruhining Tulkun Astanovga nisbatan taqdimnomasi ko‘rib chiqilgan. 

Tulkun Astanov o‘rnatilgan majburiyatlarga rioya qilmay (Toshkent shahri hududini tark etib), Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani va Toshkent viloyatining Chinoz shahriga borib, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tergov qilinayotgan turli jinoyat ishlariga jalb etilgan shaxslar bilan uchrashib yurgan. Ularga o‘zini “davlat idoralaridan aziyat chekkan shaxslar himoyachisi” sifatida tanishtirib, ularni qonun posbonlariga nisbatan bo‘hton va noxolis ma’lumotlar berishga ko‘ndirib, ushbu materiallarni Internet tarmog‘iga joylashtirib kelgan.

“S.Abdullajanova ham Tulkun Astanovning aldoviga ishongan holda uning ta’sirida dastlabki tergov organlari tazyiqi ostida bo‘lgani, diniy vajlar asosida so‘roq qilingani xususida internetda yolg‘on murojaatlar tarqatgan.

Tulkun Astanov o‘zi bilan aloqa bog‘laganlarga, tergov-surishtiruv idoralarini yomonlash, xususan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-huquqiy islohotlar va diniy yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlarga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarish maqsadida tayyorlangan yolg‘on ma’lumotlarni yetkazishlarini talab qilgan.

Shuningdek, Tulkun Astanov probatsiya guruhi xodimlarining ogohlantirishlariga qaramay, sud hukmiga nisbatan hurmatsizlik qilib, belgilangan majburiyatlarni bajarmasdan kelgan. Qolaversa, internet tarmog‘iga noxolis, tekshirilmagan va asosiz materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanib, axborotlashtirish sohasidagi qonun hujjatlarini ham buzgan”, deyiladi xabarda. .

Sud to‘plangan ma’lumotlar bilan tanishib chiqib, belgilangan majburiyatlarini muntazam buzib kelgani, probatsiya guruhining qonuniy talablarini bajarmagani, sud tomonidan tanlangan insonparvarlik prinsipini oyoqosti qilgani, fuqarolar orasida norozilik keltirib chiqarishga urinishlarini inobatga olib, joriy yilning noyabr oyida belgilangan sinov muddatini bekor qilib, Tulkun Astanovni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

803

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing