Mubashshir Ahmad Turkiyada qo‘lga olindi. U deportatsiya markazida qolmoqda
3-sahifa
−
09 yanvar
18382Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik diniy olim va bloger – “Azon Global” axborot tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad Turkiyada qo‘lga olingani va hibslangani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. “Azon Global” mazkur mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida, Mubashshir Ahmadning hozirgi holati haqida rasmiy ma’lumot e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Mubashshir Ahmad 2023 yilning 28 dekabr kuni tongda Turkiya Ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan.
“Dastlab qandaydir anglashilmovchilik bo‘lgani, shu bois ommani behuda tashvishga solish kerak emasligi kabi mulohazalar bilan bu haqda keng ommaga xabar berilmadi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda shu kungacha tarqalgan bu haqdagi xabarlarga portalning aloqasi yo‘q.
Portal Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblovlar umuman asossiz ekanini urg‘ulagan holda ayni vaqtda olim hibsda emas, balki deportatsiya markazida saqlanayotganini bildirgan.
“Turkiya qonunlari bo‘yicha gumonlanuvchini 3 kundan ortiq tutib turish mumkin emas, shu muddat ichida qo‘yilayotgan ayb isbotlansa, Adliya idoralariga o‘tkazilishi, isbotlanmasa, chiqarib yuborilishi lozim. Ba’zan chet ellik shaxslarni qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga o‘tkazishadi va u yerdan o‘z yurtiga jo‘natishadi yoki ozod qilishadi. Dastlabki surishtiruvlarda Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblov o‘z isbotini topmagan. Qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga o‘tkazilgan Mubashshir Ahmadni oradan shuncha kun o‘tib ham tutib turilgani esa tushunarsiz bo‘lib qolmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Ayni vaqtda advokatlar harakatlarni boshlagan va barcha kerakli choralar ko‘rilmoqda.
Hozirgacha O‘zbekiston Respublikasining Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi bosh konsulligi Mubashshir Ahmadning nima sababdan ushlangani va ahvoli haqida hech qanday ma’lumot bergani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning avgust oyida ta’sischisi Mubashshir Ahmad bo‘lgan "Azon.uz" sayti o‘z faoliyatini to‘xtatgandi.
Ma’lumot uchun, 2020 yilning dekabr oyida o‘zbekistonlik bloger Abdukarim Mirzayev ham Turkiyada hibsga olindi va u yerdan deportatsiya markaziga yuborildi. Unga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmagach, 2021 yilning 12 yanvar kuni qo‘yib yuborildi.
LiveBarchasi