Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i bo‘yicha rasmiy axborot berildi
3-sahifa
−
09 yanvar 15115 3 daqiqa
Avvalroq, diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Navoiydagi Jazoni ijro etish koloniyasida salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga qaramay, og‘ir sharoitda saqlanayotgani haqida xabar berilgandi. Ushbu xabarlar fonida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyatdagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.
Ma’lum qilinishicha, tashrif davomida ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum A.T. (Mubashshir Ahmad)ning sog‘lig‘i va saqlanish sharoiti o‘rganilgan.

Monitoring davomida mahkumlar bilan, shu jumladan mahkum A.T. bilan ham holi tarzda suhbat o‘tkazilgan va uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishilgan.

A.T. muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligini, muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinayotgani, faqat avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida biroz o‘zgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganligini qayd etgan.
Shuningdek, mahkum muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilgani (oshxona ishlari bilan shug‘ullanadi) hamda qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari, ortiqcha mehnat qilmayotgani, ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytib o‘tgan.

Tursunov oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoiti bo‘yicha ham shikoyat bildirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, belgilangan norma bo‘yicha oziq-ovqat beriladi.
Mahkum A.T. bilan o‘tkazilgan holi tarzdagi suhbatda u hech qanday masalada murojaat qilmagan.
Ma’lumot uchun, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan ushbu muassasaga 2025 yilning noyabr va dekabr oylarida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida ham mahkum A.T. tomonidan murojaatlar tushmagan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi hukmi bilan Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tursunovning advokati Abdulloh Sodiq QALAMPIR.UZʼga Tursunovning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligining II-turi bilan ancha yillardan buyon aziyat chekib kelayotgani, ushbu shaxsni qamoqda saqlab bo‘lmasligi yuzasidan iltimosnomalar kiritilgan bo‘lsa-da, ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmaganini aytgandi.
Live
Barchasi