Muhammad Solih va Jahongir Mamatov O‘zbekistonda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgan – Safar Ostonov

Tahlil

image

“O‘zbekiston ovozi” gazetasi Bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov ayni vaqtda AQSHda istiqomat qilib kelayotgan jurnalist va sobiq deputat Jahongir Muhammad va Turkiyada yashayotgan Muhammad Solihning qilmishlari, O‘zbekistonda davlat to‘ntarishni uyushtirishga boshchilik qilganini dalillar bilan fosh qildi. Jurnalist Safar Ostonovning “O‘zbekiston ovozi” gazetasida e’lon qilingan navbatdagi maqolasida mamlakatdan qochib chiqib ketgan ikki shaxs va ularning Birinchi Prezident Islom Karimovga qaratilgan bo‘htonlari haqida so‘z boradi. Quyida maqolani to‘liq shaklda o‘qishingiz mumkin. 

O‘zbekistonga ziyoningiz tegmasin yoki xorijdan turib, o‘zini insonparvar, vatanparvar, aqlli va jabrlangan qilib ko‘rsatayotgan, ba’zan yolg‘onni ko‘pirtirib safsata sotayotgan Jahongir Mamatov degani kim o‘zi?

Qadimgi hikmatlardan birida aytilishicha, bu dunyoda har narsadan qutilishning chorasi bor: olov suv bilan o‘chiriladi, mol yoki eshak tayoq bilan bo‘ysundiriladi, kasallik dori bilan davolanadi. Ammo, lo‘ttiboz va fitnachini o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Yana bir donishmand aytgan ekan, “Kuchli kishini ojizdan qanday farqlash mumkin? Agar kuchli kishi hayotdan norozi bo‘lsa, aybni boshqalardan izlamaydi...”

Bu qadim hikmatlar mavzuga bevosita daxldorligi uchun keltirildi.

Bugun axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib, efirga chiqib, yangilik tarqatayotganlardan ko‘ra, vaysayotganlar ko‘payib bormoqda. E’tibor bilan qarasangiz, sezasiz, ularning aksariyati o‘zini aqlli, adolatparvar, qahramon qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

Marhamat, gapiring, tanqid qiling, lekin xolis bo‘lsin, yolg‘on bo‘lmasin, samimiy bo‘lsin, yaxshi niyatda bo‘lsin. Qaysidir gapni gapirishga esa ma’naviy haqqingiz ham bo‘lsin...

Bugun efirga chiqib, o‘zini farishtasifat ko‘rsatib, adolatparvarlikka, qahramonlikka da’vogarlik qilayotgan Jahongir Mamatovning sahnada rol o‘ynayotgan artistga o‘xshab ketishi, tap-tortmay yolg‘on gapirishlariga munosabat bildirish zarurati bor, deb o‘yladim.

Avvalo, to‘g‘risini aytay, unga nisbatan hech qanday shaxsiy adovatim yo‘q. Qaytaga bir zamonlar ko‘p hamsuhbat bo‘lganmiz. Lekin kimlarningdir guruhiga qo‘shilib, ta’siriga tushdimi, hayoti butunlay boshqa tomonga burilib ketdi. Tabiiyki, buning uchun u o‘zini aybdor bilmaydi, qancha kerak bo‘lsa, boshqalarni ayblaydi. Uning tabiatan shunaqa odamligi ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, tili ham ancha achchiqroq va uzunroq, ichki madaniyatdan ko‘ra, yuzga tashlanish, qaysarlik, ayniqsa, man-manlik yuqori turadi.

Ehtimol, ana shu odatlari sababli muammolarga duchor bo‘lgandir?..

Birinchi savol: nega u chet elga qochib ketdi? Sobiq ittifoqda Gorbachevning qayta qurish degan siyosati boshlangach, baqir-chaqir, mitingbozliklar, bir-birini haqoratlash, demokratiya, oppozitsiya, shon-shuhrat uchun kurash avj olib, kim so‘zamol bo‘lsa, tepaga chiqayotgan payt edi. Jahongir Mamatov “Sovet O‘zbekistoni” hozirgi “O‘zbekiston ovozi”ning Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri edi. Nomzodini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga qo‘yib, yutib chiqdi. Uning deputatlik faoliyatidan ko‘pchilik yodida qolgani — davlat rahbariga odobsizlarcha, madaniyatsizlarcha qarab, O‘zbekiston onangizdan qolmagan, degan gapi bo‘lgan. U hozirgacha bu qilmishini qahramonlik, deb o‘ylaydi. O‘shanda ayrimlar bu gapi uchun uning tilini sug‘urib olish kerak, degan edi. Davlat rahbari esa bag‘rikenglik qilib, uni O‘zbekiston teleradio kompaniyasiga ijodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinladi.

Bu yerda u atigi 28 kun ishladi. Jamoa bilan til topisha olmadi, bosar-tusarini bilmadi, rahbarlik qobiliyati yetmadi. Ishdan ketdi. Bugun u bilan ozgina vaqt bo‘lsa-da birga ishlaganlar aytgan gaplarini keltirib o‘tirmaymiz. U baribir boshqalarni aybdor qiladi. Jahongir ishdan ketgach, jurnalistlar huquqlarini himoya qiladigan qo‘mita tuzaman, deb yurdi. Bu orada (ilgariroq) O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisligiga nomzodini qo‘ydirib o‘tolmagandi.

Kunlardan bir kun uning xorijga qochib ketganini eshitdim, to‘g‘risi, achindim, bekor qilibdi-da, deb o‘yladim. Lekin u bu harakatini ham to‘g‘ri, deb hisoblaydi. Qochmasam, meni qamashardi, deb aytishi tayin. Nega u qamalishi kerak edi, nima jinoyat qilgandi? Jinoyati bo‘lganda shartta ushlab, qamashmasmidi. Ehtimol, qamalib qolish vasvasasi bilan qochib ketgandir. Qochgan faqat u emas, qochmaganlar ham oz emas. Qamalganlar ham bor. Kim nohaq qamalgan bo‘lsa, keyinchalik chiqdi, oqlandi, unga ish berildi. Qochganlar hamon qochib yuribdi. O‘ylab qolasan, kishi. Chetga qochib ketib, oilangni, yaqinlaringni ovora-yu sarson qilgandan ko‘ra, o‘z yurtingda qamalganing yaxshi emasmidi.

O‘zbekistonni sobiq markazdan kelib, bosib olgan “desantchi”lar ne-ne rahbarlarni qamoqqa oldi. Bir onaning qamoqda yotgan bolasiga aytgan gapi yodimga tushdi. Bolasi “qamashlarini bilganimda chet elga qochib ketgan bo‘lardim”, deganida onasi “qamalsang, o‘z yurtingda qamalgin, o‘lsang o‘z yurtingda o‘l”, deb aytgan edi.

O‘sha onani xudo rahmat qilgan bo‘lsin, universitetda o‘qituvchi edi.

Jahongir Mamatov qo‘rqoqlik qilib qochdimi, birovning gapiga kirib qochdimi, bu bizga noma’lum. Maqsadimiz buni muhokama qilish emas, har qancha gapirmang, boshingga tushganda bilasan, deyishi mumkin. Biroq noqulayroq bo‘lsa-da, aytishga to‘g‘ri keladi. Nima, bizga zug‘um bo‘lmadimi? Sobiq markazdan Yurtimizga yuborilgan “desantchilar” hukmronlik qilgan paytlarda yozgan maqolalarimiz uchun necha bor so‘roq berganmiz. Respublika prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligiga chaqirtirilganmiz. Hatto jismoniy chora ko‘rishga harakatlar bo‘lgan. Bundan to‘rt-besh yil ilgari esa respublika milliy xavfsizlik xizmatining ayrim xodimlari bilan bir yilcha tortishdik, asablarimiz yemirildi. Qamoqqa olsang, hoziroq ol, degan paytlarimiz ham bo‘ldi. Aybimiz yo‘qligi uchun kurashdik. Ertaga meni qamab qo‘yadi, deb qochib ketmadik.

U Turkiyaga borgach, o‘ziga o‘xshaganlar bilan birlashdi. Avvalo, O‘zbekiston rahbari to‘g‘risida har xil mish-mishlarni, asossiz gaplarni tarqata boshlashdi. Prezident to‘g‘risida aytilayotgan salbiy fikrlar, tabiiyki, O‘zbekiston obro‘siga ham soya soladi. O‘zbekistonga ishonchsizlikni tug‘diradi, xalqaro tashkilotlar, dunyo banklarining O‘zbekistonga berayotgan yordami shubha ostida qoladi. O‘zbekiston bundan ziyon ko‘radi, xalqimizga og‘ir bo‘ladi.

Lekin Jahongir Mamatov va uning hamtovoqlari bundan xursand bo‘lishardi. Ular butun dunyoda O‘zbekiston rahbariga ishonchsizlik uyg‘otish orqali uni jazolamoqchi bo‘lishdi. O‘ch olish maqsadi shu darajada xudbinlashib, yovuzlashdiki, ular terrorchi guruhlar bilan hamkorlik qilishdi. 1999 yil 16 fevral Toshkentda Vazirlar Mahkamasi binosi yonida Islom Karimov va respublikaning barcha rahbarlarini yo‘q qilish niyatida uyushtirilgan terroristik aktda hozir chet elda turib, o‘zini erkparvar, insonparvar ko‘rsatib O‘zbekistondagi kamchiliklar to‘g‘risida to‘xtovsiz vaysayotganlar ham bor edi.

O‘shanda Vazirlar Mahkamasi binosi qulasa, respublikaning barcha darajadagi birinchi rahbarlari, viloyat rahbarlari, mas’ul xodimlar halok bo‘lib, respublika boshsiz qolardi. Bu portlashni xalqaro terrorchi to‘dalar bilan birgalikda Turkiyada qochib yurganlar uyushtirgan edi. Men o‘sha sudda shaxsan qatnashganman. Turkiyadagi “vatanparvarlarimiz” bu portlashni qanchalik sabrsizlik bilan kutishgani, bino qulamagani, Islom Karimov tirikligini eshitgach, ularning hafsalasi pir bo‘lgani, tashkilotchilardan biri “Essiz, yetti yillik mehnatim zoye ketdi”, deb afsuslanganini sudlanganlar aytib berishgandi.

Qarang, ular bino portlamaganidan afsusda, ya’ni yuzlab begunoh odamlar o‘lmay qolganidan afsusda. Bino qulagach, Turkiyada yurganlar Amudaryoning naryog‘ida to‘planib turgan tolibonlar yordamida O‘zbekistonga bostirib kirishmoqchi edi. O‘zimizdagi ekstremistlar ham berkitib qo‘ygan qurollarini olib, ko‘chaga chiqishardi. Davlat to‘ntarishi bo‘lardi, fuqarolik urushi bo‘lardi, qiyomat qoyim bo‘lardi.

O‘z vataniga, xalqiga shunday dahshatni, yovuzliklarni ravo ko‘rganlar bugun yana demokratiya niqobi ostida turib, uyalmay-netmay va’zxonlik qilishyapti. O‘sha voqealardan buyon zamon o‘zgardi, necha yoz, necha qish o‘tdi, qancha qorlar yog‘di... Izlar bosildi, deb o‘ylayapsizlarmi?

Hayotda unutiladigan, kechiriladigan voqealar bo‘ladi, Vatanga, xalqqa xiyonatni unutish, kechirish qiyin, juda qiyin.

Chayonning ishi zahar solmoq, deganlaridek ular bu yovuzlik bilan chegaralanib qolishmadi, qora niyatlari yo‘lida yangi reja tuzishdi. Men qo‘limdagi ko‘plab ma’lumotlarni imkon qadar ixchamroq, qisqaroq bayon etishga harakat qilayapman.

1995 yil mart oyida O‘zbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati majlisida bir necha kun qatnashganman. Jahongir Mamatovning keyingi paytlarda man-manligi xuruj qilib, sun’iy, yolg‘on aralashgan gaplari ko‘payib borayotgani, o‘zini dono, qahramon qilib ko‘rsatayotganini kuzatib turib, o‘ylanib qoldim. Bu ketishda yaqin orada u kimlar uchundir qip-qizil avliyoga aylanishi ham mumkin. Soxta avliyo xavfli bo‘ladi, odamlarga ko‘p yomonlik keltirishi mumkin. Shuning uchun uning aslida kimligidan odamlarni, ayniqsa, yoshlarni xabardor qilish niyatida arxivimdagi sud majlisi hujjatlarini qayta o‘qib chiqishimga to‘g‘ri keldi.

Sud tergovi jarayonida jabrlanganlar, guvohlar, sudlanuvchilar — jinoyat tashkilotchilari Muhammad Solih va Jahongir Mamatov tashkilotchiligida navbatdagi davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilganini aniq misollar bilan gapirib berishgandi. Gazetxonlarga tushunarli bo‘lishi uchun voqea tafsiloti haqida qisqaroq to‘xtalaman.

Ular Turkiyada qochib yurgan 1993-1994 yillarda O‘zbekiston va Turkmanistondagi gumashtalariga yangi topshiriq berishadi, ya’ni Qashqadaryo viloyatidan harbiy xizmatni o‘tab kelgan, uylanmagan yigitlardan imkon qadar ko‘proq guruh tuzib, ularni Turkiyaga jo‘natish kerak edi. Jo‘rayev Murod, Xolboyev Shavkat, Ahmedov Negmat, Mamatov Shavkat, Ashurov Erkin, Suvonov Hoshim kabi shaxslar Qashqadaryo viloyatining tumanlarida izg‘ib yurib, 46 nafar yigitni Turkiyaga biznesmenlikka bepul o‘qishga yuboramiz, deb aldab, qo‘llariga pul berib, rozi qilishadi. O‘shanda bu yigitlarning hammasi ishsiz bo‘lgan. Ulardan 21 nafari qalbaki hujjatlar bilan Gruziya orqali Turkiyaga yetkaziladi.

Guvohlarning aytishicha, Istanbulga kelgach, “Hidoya” mehmonxonasida ularni Jahongir Mamatov va yana ikki kishi kutib olgan. O‘sha kuniyoq ularning pasportlarini yig‘ishtirib olishadi. Ertasi kuni Muhammad Solih kelib, ko‘rsatmalar beradi. Bu uchrashuvdan so‘ng yigitlar aldanishganini tushunishadi, ammo pasport yo‘q, ortga qaytishga ruxsat yo‘q, buning ustiga, qattiq ogohlantirish bo‘ladi: kimdir qochmoqchi bo‘lsa, baribir uyiga yetib borolmaydi, yo‘lda topib yo‘q qilamiz, O‘zbekistonda o‘n mingga yaqin odamimiz bor, kimdir xiyonat yo‘liga kirsa, oilasini yo‘q qilib tashlaymiz.

Yigitlar noiloj qoladi. Ular biznesmenlikka emas, balki terrorchilikka o‘rgatila boshlanadi. Shahar chetidagi tashlandiq harbiy qism maydonida mahalliy xalq orasidan yollangan instruktorlar ularga o‘q otish qurollari, portlovchi moslamalardan foydalanishni o‘rgatishdi. Karate, sambo, dzyudo bilan ham shug‘ullantirishdi. Bosqinchilik, odamlarni garovga olish, odam o‘ldirish usullarini o‘rgatishdi.

1994 yilning fevral oyidan boshlab 7-8 oy mashq qilishadi. Noyabr oyida urush usullarini o‘rgatish uchun ular Chechenistonga olib boriladi.

Sud materiallarida shunday ko‘rsatmalar ham bor: Muhammad Solih 1993 yil chet elga chiqib ketgach, O‘zbekiston aholisi orasida hokimiyatning qonuniy tarzda saylab qo‘yilgan vakillariga qarshi kurashishga oshkora da’vat qiluvchi, aholida O‘zbekiston rahbariyatiga nisbatan ishonchsizlik va adovatni yuzaga keltiruvchi maqolalarni “Erk” gazetasida chop etib, O‘zbekiston hududida tarqatishga buyruq beradi. Bu gazeta O‘zbekiston OAV to‘g‘risidagi qonunni bir necha bor buzgani sababli 1993 yil 29 yanvardan faoliyati to‘xtatilgan edi.

Biroq 1993 yil may oyida S. Madaminov (M. Solih) o‘z sheriklari Jahongir Mamatov va boshqalarni Boku shahriga chaqirib, “Erk” gazetasini chop etmoqchi bo‘ladi.

Guruh a’zolariga konstitutsion tuzumga qarshi aksiya o‘tkazish uchun pul va valyuta yig‘ish vazifasi topshirilgandi.

Ularning faol harakatlari natijasida 1993 yil iyundan 1994 yil yanvarga qadar 13.200 AQSH dollari va 20 million 150 ming so‘m to‘planadi.

S.Madaminov topshirig‘iga ko‘ra, bu pullarning asosiy qismi Jahongir Mamatovga berilgan. Chet el valyutasini u yosh yigitlarni yollab, yashirincha yo‘llar bilan Turkiyaga olib kelishga ishlatgan. Gazetani chop etish ham unga yuklatiladi.

Qashqadaryolik yigitlarga tushuntirildi. Asosiy vazifa – Prezident Islom Karimovga suiqasd uyushtirish. Prezidentlikka Muhammad Solih nomzodi qo‘yiladi. Rahbarlardan kim bunga qarshi chiqsa, garovga olinadi, kerak bo‘lsa, otib tashlanadi.

Hamma ish bitgach, Toshkentda uylaring, mashinalaring bo‘ladi, degan va’dalarni ham berishdi.

Biroq qashqadaryolik yigitlardan hech kim ko‘nglida ularning topshirig‘iga rozi bo‘lmaydi. Vatanga xiyonat qilishni istashmaydi.

Birinchi bo‘lib kitoblik besh yigit O‘zbekistonga poyezd orqali jo‘natiladi, topshiriqni kutib turish tayinlanadi...

Yaqinda Qashqadaryo viloyatiga xizmat safariga borganimda, ulardan ayrimlarini topib suhbatlashdim. To‘g‘risi, boshlariga tushgan o‘sha voqealar haqida ularning bugungi fikrlarini bilmoqchi edim.

Kitob tumanidagi “Paxtaobod” fuqarolar yig‘inida yashovchi Husan Ergashev shunday xotirlaydi.

– Bizni biznesmenlikka o‘qitamiz, hamma xarajatlarni o‘zimiz ko‘taramiz, deb aldab, soxta pasportlar bilan chegaradan o‘tkazishdi. Istanbulga yetib borgach, mehmonxonada pasportlarimizni yig‘ishtirib olishdi. ­Jahongir Mamatov esa Karimovni yomonladi. Uni yo‘qotamiz, o‘rniga Muhammad Solihni qo‘yamiz. Sizlarni unga teloxranitellikka tayyorlaymiz, dedi. Keyin Muhammad Solih kelib, biz bilan gaplashdi. Ularning niyati yomonligini bilib, norozi bo‘lib gapirganimizda “Endi orqaga yo‘l yo‘q, agar biz aytganni qilmasanglar, O‘zbekistonda odamlarimiz ko‘p, oilalaringni yo‘q qilamiz”, deyishdi. Noiloj edik.

Bizga to‘pponchadan o‘q otish, portlatish ishlarini o‘rgatishdi, instruktorlar mahalliy kishilardan edi. Aytganini qilmaganimizda, kaltak ham yedik, boshimizga it azobini solishdi, yerga yotqizib, bo‘ynimizga oyog‘ini qo‘yib, do‘q qilardi. Hammasiga chidardik, imkon bo‘ldi, deguncha qochishni o‘ylab yurardik. Bir kuni bizni guruhlarga bo‘lib tarqatishdi, topshiriqni kutib turasizlar, deyishdi. Bizning guruhni Gruziya orqali poyezdda O‘zbekistonga jo‘natishdi. Katta bir sumkada “Erk” gazetasining ikki taxlami bor edi. Buni O‘zbekistonda tarqatishimiz kerak edi. Toshkentga yetib kelgach, ijaraga joy oldik. Yarim kechada sumkani olib chiqib, bir chuqurdagi chiqindixonga uloqtirdik.

Ertasi poyezdda Qashqadaryoga yetib kelgach, hamma voqeani otamga aytdim. Bizni sotsanglar, uylaringni portlatib yuboramiz, deganlarini ham aytdim.

Hozir o‘ylasam, ularning yo‘liga yurganimizda yo qamoqda yotgan, yo allaqachon o‘lib ketgan bo‘lardim. Ota-onam yuziga dog‘ tushirgan bo‘lardim... Hozir xudoga shukur, ota kasbini davom ettirib, taksichilik qilayapman, uchta farzandim bor, ikki o‘g‘il, bir qiz.

Uning otasi 82 yoshli Akrom aka o‘ychan, ammo qat’iy ohangda gapga qo‘shildi:

— Rossiyaga ishga ketyapmiz, degandi. Ikki-uch oy o‘tib, bir vaqt telefon qildi. Turkiyadamiz, dedi. Aldanib qolishganini aytdi. Men darrov xavfsizlik xizmatiga bordim. Yo‘lini topib, bolalarni qaytaringlar, dedim. O‘shanda ota sifatida menga juda og‘ir bo‘ldi. O‘n bir farzandni tarbiyaladim, halol mehnat qildim. Ammo o‘n bolamga kuchim yetib, bittasiga yetmapti-da, deb ezildim.

Hozir o‘ylasam, bularni xudo saqlagan ekan, bo‘lmasam, juvonmarg bo‘lib ketishardi. Jondan aziz ko‘rgan farzandlarimizni yo‘ldan urib, bizni xonavayron qilmoqchi bo‘lganlarning jazosini o‘shanda xudodan so‘raganman...

Kitob tumani Qumqishloqda yashovchi Shuhrat G‘oipov ham aldanganlardan biri.

— O‘sha kunlarni xuddi yomon tushdek eslayman, yodimga tushsa, haligacha yuragim orqaga tortib ketadi. Biz ikki o‘t orasida qolgandik. Lekin birortamiz ularning gapiga rozi bo‘lmaganmiz. Hozir ham ularni azroilni eslagandek eslayman. Ular odam emas, musulmon emas. O‘z ona yurtiga bunchalik yomonlik tilaganlarni umrimda ko‘rmagandim. Ularni yer qanday ko‘tarib yuribdi, bilmayman.

Xudoga shukr, hozir oilaliman, uch o‘g‘lim bor. Elektromontyor bo‘lib ishlayapman. Uch yil ilgari o‘zimga yangi uy qurib, ko‘chib chiqdik. Hech narsadan kamchiligimiz yo‘q.

Shuncha qilg‘iliqni qilib, bugun O‘zbekistonga aql o‘rgatib, vaysayotganlar, sizlar kim o‘zi? Sizlar O‘zbekistonga kim bo‘lasizlar? Farzandmisiz?..Do‘stmisiz?.. Dushmanmisiz?..

Bu savollarga o‘zingiz javob izlang... Do‘st bo‘lsangiz, do‘stning ishini qilardingiz. Farzand bo‘lsangiz, yurtingiz ko‘chasini supurardingiz, changini artardingiz, shu yurt ravnaqi uchun nima qilish kerak bo‘lsa, otdan tushib, xizmatini qilardingiz. Amaldor bo‘lsak, ishlaymiz, amal bermasa, O‘zbekiston – Vatan kerak emasmi?

O‘zbekiston mustaqilligi ajdodlarimiz orzu armoni edi, qanchalab qonlar to‘kildi bu yo‘lda... Buyuk ne’mat — mustaqillikka erishganimizda gina-quratni unutib, bir tan, bir jon bo‘lib, mustaqillikni asrash uchun kurashish kerak emasmidi? Shunday paytda ziyolilar amal talashib, bir-biriga dushmanlik qilsaya...

Shu paytgacha xomxayollar bilan yashab keldinglar, qo‘llaringdan hech narsa kelmaganini bilgach ham, taqdirga tan berginglar kelmaydi. Alamzadalik, shaxsiy manfaat ustunlik qiladi.

Bugungi kunda hayotda sizlarga o‘xshab amal talashib, o‘z yurtlarini vayron qilib, xalqining qonini to‘kayotganlarni ko‘rdik. Ular ham o‘zlarini “demokratlar”, “oppozitsionerlar” deb e’lon qilishgan. Asli maqsad kimningdir kuchiga, puliga suyanib, gapiga kirib, hukumatni qo‘lga olish bo‘lgan. O‘shalarning birortasi hayoti, faoliyati yaxshilik bilan tugamadi.

Sizlar to‘xtovsiz ravishda marhum Birinchi Prezidentimiz to‘g‘risida kurakda turmaydigan gaplarni gapirayapsizlar. Avvalo o‘ylab ko‘ringlar, sizlar kimu, Islom Karimov kim? Yana yuz yil yashasanglar ham, u kishi yurt uchun qilgan ishlarning mingdan birini ham qilolmaysizlar. Iqtisodiyot, moliya, qishloq xo‘jaligi, qurilish nimaligini umuman tushunmagan, hatto siyosiy bilim, madaniyati bo‘lmagan sizlar kabilar davlatni boshqara olarmidi? Sizlarda siyosiy madaniyat bo‘lganida, ziyoli inson tuyg‘usi bo‘lganida, terror yo‘lini tanlamagan bo‘lardingiz.

Buni yaqinda Jahongir tan olgandek bo‘ldi. Eshittirishlaridan birida “biz noto‘g‘ri yo‘ldan ketdik”, degan mazmundagi gapni aytdi. Haqiqatan ham, yo‘l noto‘g‘ri tanlangan edi. Buni tushungan odam “xato qildik, kimlargadir ishonib, adashdik, imkon bo‘lsa, kechiringlar”, deb xalqdan kechirim so‘rashi kerak edi, nazarimda.

Ammo maqolamiz boshida aytilgan hikmat to‘g‘riligiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Yaqinda O‘zbekistonda nashr etiladigan “Adabiyot” degan xususiy nashrda J.Mamatovning ikki sahifali maqolasi chiqibdi. Amerika hayotini rosa maqtabsiz, ko‘ringlar, havas qilinglar, degandek. Yigirmaga yaqin suratingizni ilova qilibsiz. O‘zingizni ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lganmisiz, bilmadim, bir odamning gazetaning bir sonida shuncha surati chiqqanini ko‘rmaganman.

To‘g‘ri, Amerika boy, qudratli mamlakat. Lekin bizning mamlakat emas-da. Bizning ­Vatan — O‘zbekiston, uning shonli tarixi oldida Amerika tarixi ip esholmay qoladi. Lekin biz ham o‘sayapmiz, rivojlanayapmiz. Amerika ham birdaniga Amerika bo‘lmagan. Maqolada “Amerika o‘zbeklarning ham vatani”, debsiz. O‘sha yerda tug‘ilgan, unib-o‘sgan bo‘lsa, albatta, Vatan bo‘ladi. Ammo muhojirlar uchun Amerika vatan bo‘loladimi? Vatan bitta bo‘ladi, xuddi otadek, xuddi onadek. Otani boshqa otaga, onani boshqa onaga almashtirib bo‘lmaydi.

Bizning qarashlarimiz shunaqa, siz boshqacha fikrlashingiz mumkin. Mayli, qayerda, qanday yashash sizning huquqingiz. Ammo yolg‘on gapirmang, odamlarni aldamang, yoshlarni chalg‘itmang, qilgan jinoyatlaringizni unutmang, ­O‘zbekistonga ziyoningiz tegmasin.

Safar Ostonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Muhammad Solih Jahongir Mamatov Safar Ostonov

Baholaganlar

971

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing