MTS ssenariysi Perfectum’da takrorlanadi...mi? Millionlab abonentlarga nega rasmiy ma’lumot berilmayapti?

Tahlil

image

Bir necha kun avval Gulnora Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i Rustam Madumarovga tegishli ekanligi iddao qilinayotgan xalq tilida "Perfectum" deb aytiladigan "Rubicon Wireless Communication" MCHJ ko‘chmas mulki sotuvga qo‘yilganligi haqida xabar bergan edik. 

Ma’lum bo‘lishicha, Rustam Madumarov hozirda qarzdor! Shu sababdan unga tegishli ekanligi aytilgan Toshkentdagi "Perfectum mobile" ochiq auksionda sotuvga qo‘yilgan. 

Ushbu uyali aloqa kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik tadbirkorlik sub’ektlaridan biri. Ochiq auksion narxni tushirib borish yo‘li bilan, demping usulida o‘tkazilishi ko‘rsatilgan. Savdoda mazkur mulkning boshlang‘ich narxi 205.587.016.500.00 so‘m etib belgilangan.

Ayni vaqtda mazkur xabar bo‘yicha tahririyatimizga ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Ularning savollari bir xil: kompaniya yopiladimi? 

Biz ushbu savollarga javob izlab "Perfectum mobile"ning bosh ofisiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik. Va nihoyat kompaniya vakili bu haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, kompaniyaning Rustam Madumarov bilan hech qanday aloqasi yo‘q va sotuvga qo‘yilganidan bexabar. Manbaga ko‘ra, kompaniyaning sotuvga qo‘yilgani haqida tarqatilgan xabarlar yolg‘on.

Xo‘sh, kompaniya vakilining so‘zlariga ishondik ham deylik, nega unda kompaniyaning Toshkentdagi bosh ofisiga borganimizda marketing bo‘limi xodimlari bu haqda aniq ma’lumot bermadi yoki berishni istamadi. 

Kompaniya rahbari bilan uchrashib, savolimizga oydinlik kiritishni istadik, biroq rahbar ofisda yo‘qligi, bo‘lganda ham oldindan uchrashuv belgilash lozimgini aytishdi. Shubha-gumonimiz ichimizda qoldi. 

Majburiy ijro byurosi nima deydi?

"Perfectum"chilardan aniq ma’lumot ololmagach, kompaniyani ochiq savdolarga qo‘ygan Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar bo‘limi bilan bog‘landik. MIB vakili ham bu haqda to‘liq ma’lumotga ega emasligi, hozirda bu ish o‘rganilayotganini ta’kidladi. 

Xo‘sh, na savdoga qo‘yilgan kompaniya vakillari, na MIB bu haqda aniq biror ma’lumotga ega bo‘lmasa, unda nega ochiq auksion savdolariga qo‘yildi? 

G‘alati emasmi? Butun boshli bir kompaniya – 205 mlrd so‘mdan ortiqqa baholanib, onlayn ochiq auksion savdolariga qo‘yilsa-yu, bu haqda MIB aniq bir ma’lumotga ega bo‘lmasa. 

E’tibor qiling, “Rubicon Wireless Communication” MCHJ (Perfectum) aynan MIB tomonidan sotuvga  qo‘yilgan, boshqa davlat tashkiloti tomonidan emas.

Tasavvur qiling-a, bozorda avtomobil sotmoqchisiz, narxi ham, sotuv kuni ham aniq. Biroq, nima uchun sotayotganingizni bilmasangiz. Hech narsa aniq bo‘lmasa, MIBning bu ishlardan xabari bo‘lmasa, kompaniya sabab-besabab savdoga qo‘yildimi? 

Savollarimiz ochiq qolmoqda. Qani davlat organlarining ochiqligi, shaffofligi, tezkorligi? 

Bundan ancha yillar ilgari MTSning yopilishi haqida mish-mish tarqalgach, hamma sarosimaga tushgan, biroq tarqalgan xabarlar yolg‘onligi aytilgandi. Oradan bir necha soatlar o‘tgach, mish-mish haqiqatga aylangandi. 

Yana o‘sha ssenariy takrorlanadimi? Agar shunday bo‘lsa, bundan kim jabr ko‘radi, kompaniyami yoki abonentlar?  Albatta, millionlab abonentlar. Biroq bu haqda kompaniya vakillari qayg‘urayotgani yo‘q. 

OAVda kompaniyaning onlayn auksion orqali sotuvga qo‘yilgani haqida xabar tarqalganiga bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, "Perfectum"dagilar pinagini buzgani yo‘q. 

Kutamiz, yo kompaniya mijozlari haqida qayg‘urib biror yaxshi yangilik aytadi yoki MIB uning sotib yuborilgani haqida e’lon qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, “Rubicon Wireless Communication” (Perfectum) kompaniyasi 1995 yil noyabr oyida tashkil etilgan. 

2001 yilda O‘zbekistonda “Perfectum Mobile” savdo belgisi ostida birinchi CDMA standartining uyali tarmog‘i paydo bo‘ldi. Hozirda kompaniyaning millionlab abonentlari mavjud.


Akbar Jiyanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

79

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing