“Mossad” Turkiyaga hamkorlik taklif qildi

Olam

image

Isroil Tashqi razvedka xizmati (Mossad) Falastinning HAMAS harakati tomonidan garovga olingan Isroil fuqarolarini qutqarish uchun Turkiya Milliy razvedka tashkilotiga murojaat qildi. Bu haqda Turkiyaning "Hürriyet" gazetasi o‘z manbalariga tayangan holda ma’lum qildi.

"7 oktyabr kuni HAMAS faoliyatiga oid razvedka ma’lumotlarini ololmagan Mossad garovga olinganlarni qutqarish uchun Turkiya Milliy razvedka tashkilotiga murojaat qildi. Garovdagilarni qutqarish uchun Qatar, Misr va AQSH bilan qizg‘in muzokaralar olib borayotgan Turkiya garovga olinganlarning bir qismini ozod qilishni ta’minladi. Mossad buning uchun Milliy razvedka tashkilotiga minnatdorlik bildirdi”, deyiladi maqolada.

Nashrning eslatishicha, 2022 yilda Milliy razvedka tashkiloti va Istanbul politsiyasi Eron razvedkasi tomonidan isroillik sayyohlik guruhiga qarshi suiqasdning oldini olish bo‘yicha hamkorlikda operatsiya o‘tkazgan va Eron agentlari qurol-yarog‘ bilan qo‘lga olingan, Isroil turistik guruhi tashkilotning zirhli mashinalari bilan samolyotga o‘tkazilib va mamlakatga jo‘natilgandi. 

Avvalroq AQSHning “Wall Street Journal” nashri Isroil rasmiylariga tayanib, Isroil razvedka xizmatlari G‘azodagi urush tugaganidan keyin butun dunyo bo‘ylab Falastinning HAMAS harakati yetakchilarini yo‘q qilishga hozirlik ko‘rayotgani haqida yozgan edi.

Xususan, Livan, Turkiya va Qatarda yashovchi HAMAS yetakchilarini qidirish bo‘yicha rejalar tayyorlanayotgani da’vo qilingan. 

Shu bilan birga, Turkiyaning  "Habertürk"  telekanali mamlakat razvedka idoralaridagi manbalariga tayanib, Turkiya razvedkasi Isroilni mamlakatda yashovchi HAMAS a’zolari ta’qib qilinsa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya musulmon dunyosini Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzishga chaqirayotgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh HAMAS Mossad Wall Street Journal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing