“Mossad” rahbari HAMAS bilan kelishish uchun Qatarga boradi
Olam
−
16 noyabr 2023 7799 2 daqiqa
Isroilning “Mossad” razvedka xizmati rahbari David Barnea garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvning yakuniy versiyasini muhokama qilish uchun yaqin orada yana Qatarga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda Isroilning “Yediot Ahronot” gazetasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv shu hafta oxirigacha tuzilishi mumkin. Agar bu sodir bo‘lsa va uning rejasi Isroil Vazirlar Mahkamasi a’zolari tomonidan ma’qullansa, kelishuv bir yoki ikki kun ichida e’lon qilinadi.
Ta’kidlanishicha, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar juda qiyin kechmoqda, chunki tomonlar ko‘p jihatlar bo‘yicha yon berishni istamaydi. Xususan, Isroil HAMAS xohlagan besh kunlik sulh e’lon qilishdan bosh tortgan, HAMAS esa bunga javoban, ozod qilishga tayyor bo‘lgan garovga olinganlar sonini 80 kishidan 50 kishiga qisqartirgan.
Bundan tashqari, Isroil bolalarni faqat onalari bilan birga qo‘yib yuborishni, garovga olingan keksalarni ozod qilishni talab qilmoqda, biroq o‘z qamoqxonalaridagi keksa falastinlik mahbuslarni ozod qilishga rozi emas – bunga javoban HAMAS isroillik keksalarni ozod qilishdan bosh tortdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 noyabr kuni muzokaralar borishidan xabardor rasmiyga tayanib, “Reuters” Qatar vositachilari HAMAS va Isroil o‘rtasida uch kunlik sulh evaziga garovga olingan 50 ga yaqin tinch aholini ozod qilishni o‘z ichiga olgan kelishuvga erishishga yaqin turganini xabar qilgandi.
Live
Barchasi